Rossiya Kiyevni bombardimon qildi (video)
Olam
−
09:41 5565 1 daqiqa
Rossiya bugun, 6 iyulga o‘tar kechasi Ukraina poytaxti Kiyevga raketa va dronlar bilan navbatdagi yirik hujumni amalga oshirdi. Hujum oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘ldi, yana 24 kishi turli darajadagi tan jarohatlari oldi. Bu haqda “Ukrinform” xabar berdi.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, havo hujumi xavfi qariyb 4 soat davom etgan.
Eng katta zarar Podil tumanida kuzatilgan. Raketa zarbalari va parchalari oqibatida 4 ta turar joy binosida yong‘in yuz bergan, ko‘p qavatli uylardan biri qisman qulagan. Qutqaruvchilar binodan 15 kishini evakuatsiya qilgan. Ma’lum qilinishicha, vayronalar ostida qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, Podil tumanidagi 25 qavatli turar joy binosining 16-qavati shikastlangan. Noturar bino vayron bo‘lgan, avtomobillar va garajlar yonib ketgan, raketa parchalari turar joy majmuasi hududiga ham tushgan.
Darnitsa tumanida raketa bo‘laklari bir nechta ko‘p qavatli uylar va noturar binolarga zarar yetkazgan. Goloseyev tumanida esa besh qavatli turar joy binosi, omborxona hamda boshqa noturar binolarda yong‘in sodir bo‘lgan.
Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari tun davomida zarba berilgan hududlarda qutqaruv va yong‘inni bartaraf etish ishlarini olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning ikkinchi yirik shahri Sankt-Peterburg va uni o‘rab turgan Leningrad viloyati Ukraina tomonidan amalga oshirilgan yirik dron hujumiga uchragan edi.
Live
Barchasi10:42