Ukraina Sankt-Peterburgning strategik portiga dron hujumi uyushtirdi (video)
Olam
−
04 iyul 5074 2 daqiqa
Bugun, 4 iyulga o‘tar kechasi Rossiyaning ikkinchi yirik shahri Sankt-Peterburg va uni o‘rab turgan Leningrad viloyati Ukraina tomonidan amalga oshirilgan yirik dron hujumiga uchradi. Bu haqda shahar ma’muriyatining ma’lum qildi.
Mahalliy OAVlarning ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda Boltiq dengizidagi neft eksport qiladigan port nishonga olingan.
Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov shahar aholisi soni 6 millionga yaqin bo‘lgan megapolis “keng ko‘lamli” dron hujumiga uchraganini bildirgan. U aniq qaysi ob’ektlar nishonga olinganiga to‘xtalmagan. Biroq mahalliy “Bumaga” nashri shahar neft terminalida yong‘in chiqqanini xabar qilgan.
Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenkoning aytishicha, dronlar Boltiq dengizining Finlyandiya qo‘ltig‘i sohilida, Sankt-Peterburgdan taxminan 170 kilometr shimoli-g‘arbiyda joylashgan “Visotsk” portiga zarba bergan. Ushbu port orqali neft, don, ko‘mir va suyultirilgan tabiiy gaz eksport qilinadi.
Drozdenkoning ma’lum qilishicha, Leningrad viloyati osmonida jami 72 ta dron urib tushirilgan.
Ukraina joriy yil davomida Rossiyaning energetika infratuzilmasiga zarbalarni kuchaytirgan bo‘lib, bu ayrim hududlarda yonilg‘i tanqisligiga sabab bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina nazoratidagi hududdan taxminan 900 kilometr uzoqlikda joylashgan Sankt-Peterburg vaqti-vaqti bilan Ukraina dronlari hujumiga uchrab turadi. Ilgari nishonlar qatorida shahar neft terminali hamda iyun oyida bo‘lib o‘tgan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi vaqtida portda turgan harbiy kema ham bo‘lgan.
Live
Barchasi