Rossiya Kiyevni bombardimon qildi. Qurbonlar bor

Olam

image

Rossiya bugun, 2 iyulga o‘tar kechasi Ukrainaning poytaxti Kiyevga raketa va dronlar bilan keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Hujum oqibatida kamida 8 kishi halok bo‘ldi, o‘ttizdan ortiq kishi turli darajada tan jarohati oldi. Bu haqda “Ukrinform” xabar berdi.

Dastlab, Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko 3 kishi halok bo‘lgani va 25 kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan. Keyinchalik shahar hokimi Vitaliy Klichko qurbonlar soni 5 nafarga, jarohatlanganlar esa 34 nafarga yetganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaralanganlarning 32 nafari shifoxonaga yotqizilgan, yana ikki kishiga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Mahalliy OAVlarning xabar berishicha, keyinchalik halok bo‘lganlar soniga yana 3 kishi qo‘shilgan. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hujum natijasida poytaxtning bir nechta tumanlarida turar joylar va fuqarolik infratuzilmasiga jiddiy zarar yetgan.

Ma’lum qilinishicha, eng katta talafot Darnitskiy tumanida qayd etilgan. Bu yerda besh va to‘qqiz qavatli turar joy binolari qisman vayron bo‘lgan. Shuningdek, 16 qavatli uyning yuqori qavatlari hamda bir nechta xususiy uylar shikastlangan.

Shevchenkovskiy tumanida yetti esa qavatli turar joy binosi va mehmonxonaning umumiy tom qismida yong‘in yuz bergan. Bundan tashqari, besh qavatli uy zarar ko‘rgan, yana bir besh qavatli binoda 300 kvadrat metr maydonni qamrab olgan yong‘in chiqqan. Uch qavatli noturar bino ham alanga ichida qolgan.

Goloseyevskiy tumanida 16 qavatli turar joy binosining texnik qavatida yong‘in yuzaga kelgan.

Pecherskiy tumanida to‘qqiz qavatli turar joy binosi shikastlangan. Yana bir binoning birinchi va ikkinchi qavatlarida 200 kvadrat metr maydonni qamrab olgan yong‘in sodir bo‘lgan. Qutqaruvchilar ushbu binodan bir kishini xavfsiz hududga olib chiqqan.

Obolonskiy tumanidagi omborxonada yong‘in yuz bergan. Jarohatlanganlardan biri fuqarolar tomonidan eng yaqin yong‘in-qutqaruv bo‘limiga olib kelingan va unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Shuningdek, Svyatshinskiy tumanida ikki xususiy uy, Desnyanskiy tumanida esa to‘qqiz qavatli turar joy binosi zarar ko‘rgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda barcha favqulodda xizmatlar vayronalar ostida qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bormoqda. Rasmiylar hujum oqibatlari va qurbonlar soniga oid ma’lumotlar yana o‘zgarishi mumkinligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya kuchlari Ukrainaning Sumi viloyatidagi aholi punktlariga 106 ta hujum uyushtirgan edi. Hujumlar oqibatida 21 kishi jarohat olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing