Rossiya Kiyevni bombardimon qildi. Qurbon bor
Olam
−
19 iyul 7126 2 daqiqa
Bugun, 19 iyulga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan Kiyevga berilgan yopirilma zarbalar oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana 16 kishi jarohatlandi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya Federatsiyasining Kiyevga uyushtirgan eng yirik havo hujumlaridan biri.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati (FVDX) ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina poytaxtining beshta tumani — Solomenskiy, Shevchenkovskiy, Svyatoshinskiy, Desnyanskiy va Dneprovskiy tumanlari zarba ostida qolgan. U yerda turarjoy va noturar joy binolarida yong‘inlar yuz bergan, avtomobillar yonib ketgan.
O‘qqa tutish paytida portlash to‘lqini oqibatida “Lukyanovskaya” metro stansiyasining yer usti vestibyuli shikastlangan. Stansiya vaqtincha yopilgan.
Kiyev viloyatining Buchanskiy tumanida esa omborxonalar va “logistika ob’ekti” hududida yong‘inlar sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kishi jarohatlangan.
Zaporoje viloyatida Rossiyaning uchuvchisiz uchish apparati yo‘lovchi poyezdiga borib urilgan. Yo‘lovchilar oldindan evakuatsiya qilingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, poyezd kuzatuvchisi yengil jarohat olgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi rossiyalik harbiylar Ukrainaga raketalar va dronlar bilan yopirilma zarba berganini tasdiqlagan. Vazirlikning da’vo qilishicha, Kiyev va Kiyev viloyatidagi harbiy sanoat korxonalari va logistika markazlari, shuningdek, Odessa viloyatidagi “Yujniy” porti infratuzilmasi hujum nishonlari bo‘lgan.
Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondonligining bildirishicha, Rossiya Ukraina bo‘ylab jami 41 ta har xil turdagi raketa va 125 ta uchuvchisiz uchish apparati uchirgan. Ulardan 23 ta raketa va 10 ta dron nishonlarga tekkani qayd etilgan. Hujumning asosiy yo‘nalishi Kiyev shahri bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Rossiya keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Ukraina poytaxtini muntazam ravishda o‘qqa tutib keladi. Iyul oyi boshidan buyon hujumlar chastotasi ortgan: Rossiya qo‘shinlari shaharga haftada bir necha bor zarbalar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Uchuvchisiz tizimlar kuchlari Qora va Azov dengizlarida Rossiyaning “soya floti”ga tegishli yana 13 ta kemaga zarba bergandi.