Rossiya Kiyevga yana ballistik raketa uchirdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
01 avgust 3416 2 daqiqa
Bugun, 1 avgustga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan Kiyevga uyushtirilgan keng ko‘lamli ballistik raketa hujumlari oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi, 27 kishi jarohat oldi. Bu haqda Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotiga tayanib, “Ukrinform” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, poytaxtning beshta tumanida yong‘inlar va vayronagarchiliklar qayd etilgan.
Solomyanskiy tumanida ikki kishi halok bo‘lgan, sakkiz kishi, jumladan ikki bola jarohat olgan. Manzillardan birida besh qavatli turar joy binosining bir qismi qulab tushib, yong‘in yuzaga kelgan. Boshqa hududda esa avtoturargohdagi avtomobillar yonib ketgan. Uch kishi shifoxonaga yotqizilgan. Qutqaruvchilar yuqori qavatlardan 35 kishini evakuatsiya qilib, yong‘inni o‘chirgan.
Darnitskiy tumanida ma’muriy bino va yana bir noturar joy binosida yong‘in hamda vayronagarchilik kuzatilgan. Boshqa manzilda avtomobil yonib ketib, yaqin atrofdagi binolar shikastlangan. Mazkur tumanda 7 kishi halok bo‘lgan, yana 14 kishi, jumladan ikki bola jarohat olgan. Qutqaruvchilar yong‘inlarni bartaraf etgan. Shuningdek, bog‘lardan birida raketa zarbasi oqibatida hosil bo‘lgan chuqur aniqlangan, ko‘chalardan biri bo‘ylab bir necha joyda yong‘in yuzaga kelgan.
Shevchenkivskiy tumanida noturar joy binosida yong‘in chiqib, bir nechta tez yordam mashinasi yonib ketgan. Hududlardan birida bir kishi jarohat olgan. Bundan tashqari, kinostudiya hududida ham yong‘in yuzaga kelgan va u nazorat ostiga olingan.
Dneprovskiy tumanida do‘kon binosi shikastlangan.Pecherskiy tumanida esa to‘rtta xususiy turar joy va xo‘jalik binolariga zarar yetgan.
Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hodisa joylarida qutqaruvchilar va boshqa tezkor xizmatlar ish olib bormoqda. Hozirgacha 105 kishi qutqarib olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakat hali Ukrainaga Patriot raketa tizimlari uchun raketalarni ishlab chiqarish litsenziyasini berishga rozilik bermaganini, ammo bu borada muzokaralar davom etayotganini aytgandi. Gap shundaki, Rossiyaning havo hujumlari kuchaygani sababli Ukraina Patriot tizimlari uchun raketalar tanqisligiga duch kelmoqda. Patriot hozircha Ukraina ixtiyoridagi ballistik raketalarni yo‘q qila oladigan yagona tizim hisoblanadi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust