Rossiya Kiyevga ballistik raketalar bilan zarba berdi. Qurbon bor (video)
Olam
−
14:24 859 2 daqiqa
Rossiya qo‘shinlari bugun, 19 oktyabrga o‘tar kechasi Ukraina poytaxti Kiyevga ballistik raketalar bilan hujum qildi. Oqibatda 21 yoshli qiz halok bo‘lib, 8 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida Desnyanskiy va Dnepr tumanlaridagi binolarga zarar yetgan. Solomenskiy tumanida esa raketa parchalari 25 qavatli turar joy binosining birinchi qavatiga kelib tushgan. Bu yerda 5 kishi jarohatlangan.
Shuningdek, Dnepr daryosining chap sohilidagi Kiyev metro bekatlaridan biri shikastlangan. Mer bekatga yetgan zarar haqida batafsil ma’lumot bermagan.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati hujum oqibatida 1 kishi halok bo‘lgani va 8 kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan.
“Radio Svoboda” jurnalisti Aleks Raufoglu Ukraina Kiyevga qilingan ballistik raketa hujumi haqida yana oldindan ogohlantirilmaganini aytgan.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio jurnalistning bu boradagi savoliga javoban o‘tgan tunda nima bo‘lganini bilmasligini bildirgan. Uning aytishicha, bir necha kecha oldin Ukrainaning erta ogohlantirish tizimida dasturiy ta’minot bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan.
“AQSH Qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi (EUCOM) bu masalani o‘rganmoqda”, degan Rubio. U, shuningdek, boshqa izoh berishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Rossiyaga qarshi 1 000 dan ortiq dron bilan hujum qilgandi. Oqibatda Sankt-Peterburgdagi neft eksporti terminali va neft bazasida yong‘in chiqib, bir kishi halok bo‘lgan, besh kishi jarohatlangan.
Live
Barchasi