Rossiya Kiyevdagi ko‘priklarni bombalayapti: Dnepr orqali o‘tgan asosiy yo‘llar yopildi
Olam
−
12:52 628 3 daqiqa
Joriy yilning oktyabr oyi boshidan buyon Rossiya qo‘shinlari Kiyevdagi Dnepr daryosi orqali o‘tgan ko‘priklarga reaktiv uchuvchisiz uchish apparatlari qo‘llagan holda ketma-ket zarbalar berishni boshladi. Asosiy maqsad – Ukraina poytaxtining o‘ng va chap qirg‘oqlari o‘rtasidagi logistika ta’minoti yo‘llarini izdan chiqarish.
Ilk zarbalar 1 oktyabr kuni Janubiy ko‘prikka berildi. Ikki sutka davomida ob’ektga kamida beshta zarba qayd etildi. Oqibatda yo‘lning qatnov qismi, tirgaklardan biri va metropoliten liniyasining beton to‘sig‘i shikastlandi. Ko‘prik avtomobillar va metro poyezdlari harakati uchun yopildi.
3 va 4 oktyabr kunlari Shimoliy ko‘prikka zarbalar berildi. Dronlar yo‘l qoplamasi va issiqlik tarmog‘ining magistral quvurlarini shikastladi. Shikastlanishlar sababli poytaxt hokimiyati Dnepr orqali o‘tgan oltita avtomobil o‘tkazuv yo‘lidan uchtasida harakatni chekladi yoki butunlay yopdi.
Kiyev hududida Dnepr daryosi orqali turli to‘qqizta ko‘prik o‘tkazilgan:
- oltita avtomobil va aralash ko‘prik (Shimoliy, Janubiy, Metro ko‘prigi, Paton ko‘prigi, Darnitsa va Podolsk-Voskresensk);
- ikkita temir yo‘l ko‘prigi;
- bitta piyodalar ko‘prigi.
Butun Ukraina hududi bo‘ylab Dnepr daryosi orqali 20 ta amaldagi ko‘prik o‘tkazuv yo‘li qurilgan (bir qator harbiy tahlilchilarning baholashicha, asosiy magistral o‘tkazuv yo‘llari – 12 ta). Keng ko‘lamli mojaro davomida Dnepr orqali o‘tgan kamida beshta yirik avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi jiddiy shikastlangan yoki butunlay vayron qilingan. Ular orasida Xerson viloyatidagi Antonov avtomobil va temir yo‘l ko‘priklari, Novaya Kaxovkadagi ko‘prik o‘tkazuv yo‘li, shuningdek, Kiyevdagi Janubiy va Shimoliy ko‘priklar bor.
Ko‘prik o‘tkazuv yo‘llarining tizimli ravishda nishonga olinishi Ukraina uchun bir qator jiddiy xavflarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, Kiyev ko‘priklari orqali mamlakat g‘arbidan sharqiy front chizig‘iga ketayotgan harbiy va gumanitar yuklarning 90 foizgacha qismi o‘tadi. Tirgaklar va yo‘l qoplamalarining shikastlanishi asosiy avtotrassalar o‘rtasidagi yagona transport zanjirini uzib qo‘ymoqda.
Aholisi qariyb 3 million kishi bo‘lgan Kiyevda o‘tkazuv yo‘llarining yopilishi ko‘p kilometrlik tirbandliklarni keltirib chiqargan, qirg‘oqlararo taksi narxlari esa to‘rt-besh baravarga oshgan. Aholi Dneprni shikastlangan hududlar orqali piyoda kesib o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Shimoliy ko‘prikning nishonga olinishi isitish mavsumi oldidan shahar issiqlik tarmog‘ining shikastlanishiga olib kelgan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning “Reuters”ga bergan intervyusida aytishicha, Ukraina Havo hujumidan mudofaa tizimlari yangi reaktiv dronlarning qariyb 60 foizini urib tushirmoqda, bu esa sovuq tushishi oldidan infratuzilmaning vayron bo‘lish xavfini oshiradi.
Ma’lumot uchun, Dnepr daryosi Ukraina hududini ikki qismga ajratib turadi va Kiyev hududida eni 1 ming 200 metrgacha yetadi. Sovet davrida qurilgan kapital ko‘prik o‘tkazuv yo‘llari yuqori mustahkamlikka ega, biroq reaktiv dronlarning muntazam aniq zarbalari kritik tugunlarni, yo‘l qoplamasi va muhandislik kommunikatsiyalarini ishdan chiqarmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Ukraina armiyasi Rossiya armiyasining yangi taktikasiga javoban Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga beriladigan zarbalarni kuchaytirishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi