Rossiya Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi
Olam
−
23 yanvar
6919Bugun, 23 yanvar kuni Rossiya Kiyevga yirik raketa hujumi uyushtirdi. Ertalab soat 9:00 holatiga ko‘ra, hujum oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana 14 kishi yaralandi. Bu haqda Kiyev viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Sergey Popko Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Popkoning aytishicha, bu 2024 yil boshidan beri Rossiyaning Kiyevga ikkinchi raketa hujumi.
“Dastlab, dushman Saratov viloyatidan Tu-95MS strategik bombardimonchi samolyotlaridan X-101/X-555/X-55 qanotli raketalarini uchirdi. Bu raketalar poytaxtga ikki to‘lqinda kirib keldi. Qiruvchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri Kiyev havo hududida bo‘lganida, dushman poytaxtga yerdan ballistik raketalarni uchirdi. Kiyev ustidagi havo hujumidan mudofaa kuchlari va vositalari tomonidan deyarli yigirmaga yaqin havo nishonlariga zarba berildi”, deb yozadi Sergey Popko Rossiya hujumining borishini tasvirlar ekan.
Ayni paytda Kiyev meri Vitaliy Klichko Ukraina poytaxtida 13 kishi, jumladan, uch nafar bola shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi. Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning raketa hujumi oqibatida Kiyevning Solomenskiy, Svyatoshinskiy va Pecherskiy tumanlarida bir necha binolar zarar ko‘rgan.
“Svyatoshinskiy tumanida vayronalarning qulashi oqibatida turarjoy binosining 1-5-qavatlari va 4 ta xonadonning balkonlari shikastlangan. Boshqa uyda portlamay qolgan raketa kallagi topildi, uydagi odamlar evakuatsiya qilindi. Shuningdek, tumandagi turarjoy bo‘lmagan ikki qavatli bino yonib ketdi. Solomenskiy tumanida esa portlash to‘lqini tufayli ko‘p qavatli uyning derazalari singan. Bundan tashqari, bir nechta xonadonlarda yong‘in sodir bo‘lgan. Ikki qavatli noturarjoy ham vayron bo‘lgan. Pecherskiy tumanida turarjoy bo‘lmagan binoga zarba berilishi oqibatida yong‘in sodir bo‘ldi. Darnitskiy tumanida vayronalar tushgan bir nechta joylar qayd etilgan, xususan, 9 qavatli turarjoy binosining tomida va bolalar bog‘chasi yaqinida”, deya vayronagarchiliklarni sanab o‘tgan shahar meri.
Shuningdek, Xarkov shahri ham raketa hujumiga uchragan. Shahar meri Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra, ikki kishi halok bo‘lgan, yana 38 kishi yaralangan.
Ukraina OAVlarining mahalliy hokimiyat va favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xodimlariga tayanib xabar berishicha, shaharning ayrim hududlarida elektr energiyasi uzilgan. Shu bilan birga, Xarkov viloyati politsiyasi bosh boshqarmasi tergov boshqarmasi boshlig‘i Sergey Bolvinov hujum oqibatida gaz quvuri yonib ketganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi