Rossiya Xarkovni bombaladi. Qurbon bor
Olam
−
09:27 1030 1 daqiqa
Bugun, 5 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Xarkov shahrining Industrialniy tumaniga “Banderol” raketalari bilan 2 marta zarba berdi. Hujum oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi, 6 kishi yaralandi. Bu haqda “Ukrinform” xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, raketalardan biri ko‘p qavatli turar joy binosiga kelib tushgan. Hujum oqibatida bir necha turar joy va ma’muriy-ishlab chiqarish binolari, shuningdek, avtomobillar zarar ko‘rgan.
Shuningdek, zarba oqibatida ikki qavatli ma’muriy bino, avtomobillar va chiqindilar yonib ketgan. Yong‘in qutqaruvchilar tomonidan bartaraf etilgan.
Xarkov meri Igor Terexov dastlab 2 kishi halok bo‘lgani va bir necha kishi yaralangani haqida xabar bergan. Keyinchalik Vaziyat markazidan olingan yangilangan ma’lumotga ko‘ra, hujum oqibatida 1 nafar kishi halok bo‘lgani, 6 kishi jarohatlangani aniqlashtirilgan.
Qayd etilishicha, voqea joyida qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilgan. Ularni bartaraf etishga Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati qutqaruvchilari, pirotexniklari va psixologlari, Milliy politsiya xodimlari, tibbiyot xodimlari, ko‘ngillilar hamda shahar kommunal xizmatlari jalb qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya kuchlari Xarkov shahrining ikki tumaniga boshqariladigan aviabombalar bilan zarba bergandi. Hujum oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan, 33 kishi, jumladan 2 nafar bola yaralangan.