Rossiya Xarkovdagi to‘rtta qishloqni egallab olganini e’lon qildi

Olam

image

Rossiya Xarkov viloyatidagi Gatishe, Krasnoye, Moroxovets va Oleynikovo qishloqlari nazoratga oldi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi bugun, 12 may kuni ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Rossiya armiyasi Ukrainaning Volchansk, Degtyarniy va Kazache Lopani yaqinidagi pozitsiyalariga zarbalar bergan.

Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy joriy haftada mintaqadagi vaziyat sezilarli darajada yomonlashganini tasdiqladi. 

“Hozirda chegara hududlarida janglar davom etmoqda. Vaziyat og‘ir, biroq Ukraina mudofaa kuchlari mudofaa chizig‘i va pozitsiyalarini ushlab turish va dushmanni mag‘lubiyatga uchratish uchun hamma ishni qilmoqda”, deb yozdi u Telegram-kanalida.

Xarkov viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Oleg Sinegubovning aytishicha, Rossiya jangovar harakatlarni kuchaytirgan hududlardan aholini evakuatsiya qilish davom etmoqda.

“Tinch aholining hayoti va sog‘lig‘iga tahdid mavjud bo‘lgan aholi punktlaridan ikki kundan ortiq vaqt ichida 4000 dan ortiq odam evakuatsiya qilindi”, deydi u.

Bir kun avval Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya harbiylari Xarkov viloyatidagi beshta aholi punkti – Borisovka, Ogursovo, Pletenevka, Pilnaya va Strelechyani egallab olgani haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari chegara qishloqlari hududida mudofaasini davom ettirayotganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni Rossiya harbiylarining Xarkov viloyati chegarasiga hujumi boshlangandi. Prezident Vladimir Zelenskiy G‘arbdagi hamkorlarini Ukraina himoyachilariga va’da qilingan qurollarni o‘z vaqtida yetkazib berishda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi. AQSH Prezidenti Jo Bayden esa Kiyevga 400 million dollargacha harbiy yordam ajratish haqidagi farmonni imzoladi. Shuningdek, AQSH Davlat departamenti Ukrainaga uchta HIMARS qurilmasini zudlik bilan sotishga ruxsat berdi. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga urush boshlanganidan beri eng katta harbiy yordam paketini taqdim etishini e’lon qildi. Yordamning navbatdagi partiyasi to‘rt million o‘q-dori, 1600 dan ortiq zarba beruvchi va zenit-raketalar, shuningdek, 400 ta texnika, jumladan, 162 ta zirhli texnika va 78 ta yer usti texnikasidan iborat bo‘ladi.

O‘tgan tunda Ukraina tomonidan Rossiya Federatsiyasi hududidagi nishonlarga samolyot tipidagi dronlar va “Tochka-U” operativ-taktik raketalaridan foydalangan holda hujumlar uyushtirdi. Belgorod shahrida ko‘p qavatli uyning kirish qismi qulab tushdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Xar'kov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing