Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston gaz ittifoqida Moskvaning siyosiy maqsadi nima? So‘z Lavrovga
Olam
−
12 dekabr 2022
9454Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida gaz ittifoqini yaratish g‘oyasida geosiyosiy o‘yin yo‘q. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qozog‘istonning “Xabar 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Hozirda Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida “uch tomonlama” gaz loyihasini shakllantirish tashabbusi muhokama qilinmoqda. Tahlilchilar, ayniqsa, G‘arbdagilar darrov bu qandaydir siyosiy yoki geosiyosiy o‘yin ekanini ayta boshladilar. Bu yerda hech qanday o‘yin yo‘q”, deydi Lavrov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar umumiy gaz tashish tizimiga ega va barcha tomonlar mavsumiy cho‘qqilar tufayli ta’minot uzilib qolmasligidan manfaatdor.
“Kuni kecha men O‘zbekistonda to‘satdan elektr quvvati taqchilligi yuzaga kelgani haqidagi xabarni o‘qib chiqdim. Mana hech qanday siyosiylashtirish va mafkurasiz, fuqarolarimiz manfaati yo‘lida amaliy masalalarni hal qilishda o‘z afzalliklarimizdan foydalanish zarur bo‘lganiga aniq misol”, deya qo‘shimcha qilgan Rossiya TIV rahbari.
Xabaringiz bor, joriy yilning 28 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Qosim-Jomart To‘qayev o‘rtasida Kremlda uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida Qozog‘iston Prezidentining ma’lum qilishicha, Putin To‘qayevga Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston ittifoqini tuzishni taklif qilgan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Putin To‘qayevga uch davlatning gaz bo‘yicha ittifoqini tuzish rejalarini aytgan va bu masalada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qilish niyati borligini bildirgan.
8 dekabr kuni O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonning boshqa mamlakatlar bilan energetika sohasida hamkorlikka kirishi mamlakat ichidagi iste’mol talabi bilan bog‘liqgini aytib chiqdi.
"Bunda milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, o‘zimizning energiya tarmoqlarni kimgadir berib yuborish orqali emas, oldi-sotdi, tijoriy shartnomalar asosida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti", degan edi vazir.
Oradan ko‘p o‘tmay, Rossiya Prezident Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham bayonot bilan chiqib, gaz ittifoqini tuzishda hech kim siyosiy shartlar qo‘ymayotgani, ittifoq tuzish g‘oyasi kontekstida bu gap yo‘qligini aytdi.
LiveBarchasi