Rossiya frontda KXDR o‘q-dorilariga qaram bo‘lib qolgan – “Reuters”
Olam
−
16 aprel
2841Rossiya armiyasi Ukrainadagi urushda Shimoliy Koreyadan yetkazib berilayotgan artilleriya o‘q-dorilariga nihoyatda bog‘liq bo‘lib qolgan. Pxenyan o‘rtacha hisobda Rossiya qo‘shinlarini zarur snaryadlarning yarmi bilan ta’minlamoqda. Ayrim bo‘linmalar esa bu borada Shimoliy Koreyaga 100 foiz bog‘liq holda jang qilmoqda. Bu haqda o‘zi o‘rgangan Rossiya armiyasi hisobotlariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Ikki hujjatda aytilishicha, artilleriya bo‘linmalari bir kun to‘liq KXDR snaryadlaridan foydalangan, boshqa bir kunda esa ularning ulushi umumiy o‘qlar sonining 75 foizini tashkil etgan. 2023 yil yozida Zaporoje viloyatidagi bir bo‘linma D-20 gaubitsalarida ishlatilgan snaryadlarning yarmi Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilganini, shuningdek, uchirilgan 122 mm raketalarning 100 foizi KXDR mahsuloti bo‘lganini bildirgan. Hisobotlarda Shimoliy Koreyadan olingan o‘q-dorilar zaxirasi juda katta ekani ham qayd etilgan.
“Open Source Centre” (OSC) tadqiqot markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil sentyabrdan joriy yil martigacha Shimoliy Koreya Rossiyaga 64 marotaba jami 16 ming konteyner o‘q-dori yuborgan. Bu snaryadlar “Angara”, “Mariya”, “Maya-1” va “Lady R” kemalari orqali KXDRning Radjin portidan Rossiyaning Sharqiy va Dunay portlariga yetkazilgan. So‘ngra ular temiryo‘l orqali Ukraina chegarasiga yaqin omborlarga jo‘natilgan. OSC'ga ko‘ra, Pxenyan Moskva ixtiyoriga 4-6 million snaryad bergan bo‘lishi mumkin. Bu Rossiyaning o‘z ishlab chiqarish quvvatiga katta qo‘shimcha bo‘lib, G‘arb rasmiylari 2024 yilda bu quvvatni 2-2,3 million dona snaryad deb baholagan.
Pxenyan, shuningdek, uzoq masofali artilleriya, reaktiv o‘t ochish tizimlari va ballistik raketalarni ham topshirgan. Ukraina razvedkasi bahosiga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga 120 dona uzoq masofali o‘ziyurar artilleriya qurilmasi, 120 dona o‘t ochish tizimi va 148 dona KN-23 hamda KN-24 ballistik raketasini yetkazgan.
G‘arb tahlilchilari va Ukraina harbiylariga ko‘ra, Shimoliy Koreya tomonidan yetkazib berilgan o‘q-dorilar Rossiyaga artilleriya ustunligini ta’minlagan. Bu ayniqsa, 2022 yil oxiridan boshlab urush pozitsion tus olganidan keyin yaqqol ko‘zga tashlangan. Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasining xabar berishicha, agar Shimoliy Koreya yordam bermaganida, Rossiya armiyasining Ukraina mudofaa pozitsiyalariga qilgan artilleriya zarbalari ikki barobarga kamaygan bo‘lardi.
BMTning Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalarni nazorat qiluvchi ekspertlar guruhiga rahbarlik qilgan Xyu Griffits bu holatni tasdiqlagan.
“Kim Chen Inning yordamisiz, Prezident Vladimir Putin Ukrainadagi urushni davom ettira olmagan bo‘lardi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Hind-Tinch okeanidagi kuchlari qo‘mondoni admiral Samuel Paparo Senat Qurolli kuchlar qo‘mitasiga bergan bayonotida Shimoliy Koreya hukumati rus armiyasiga yuzlab qisqa masofali ballistik raketalar va yuz minglab artilleriya snaryadlarini yetkazib berayotganini aytgan edi. Unga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning Rossiyaga qurol-yarog‘larni yetkazib berishni kengaytirgani mintaqaviy barqarorlikka tobora ko‘proq tahdid solmoqda.
LiveBarchasi