Rossiya Estoniya Bosh vazirini qidiruvga berdi

Olam

image

Estoniya Bosh vaziri Kaya Kallas jinoiy ish yuzasidan Rossiyada qidiruvga berildi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining axborot-qidiruv ma’lumotlar bazasida ma’lum qilindi.

"Kallas Kaya.  Jinoyat kodeksi moddasi bilan qidiruvga berildi”, deyiladi ma’lumotlar bazasida.

Biroq qidiruv qaysi modda bo‘yicha o‘tkazilganiga aniqlik kiritilmagan.

Shuningdek, vazirlik Estoniya Davlat kotibi Taymar Peterkopni ham jinoiy ish bo‘yicha qidiruvga bergan, biroq qaysi modda bo‘yicha ish olib borilayotgani ma’lum qilinmagan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning yozishicha, Rossiya IIV Kaya Kallas va Taimar Peterkopni sovet askarlari yodgorliklarini vayron qilgani uchun qidiruvga bergan.

"Ular dunyoni natsizm va fashizmdan ozod qilganlarning xotirasiga qarshi jinoyatlari uchun javob berishlari kerak! Va bu hali boshlanishi", deydi Zaxarova. 

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Kaya Kallas va Boltiqbo‘yi davlatlarining bir qator boshqa rasmiylarini qidiruvga berish uchun tarixiy xotiraga nisbatan g‘azab, shuningdek, Rossiyaga bo‘lgan dushmanlik sabab bo‘lganini aytdi.

"Ular tarixiy xotiraga qarshi g‘azabnok qarorlar uchun javobgardir. Ular tarixiy xotiraga ham, mamlakatimizga nisbatan ham dushmanlik qilayotgan odamlardir”, degan Kreml voizi.

Qayd etish joizki, joriy yilning yanvar oyi o‘rtalarida Kaya Kallas Estoniya hukumati milliy ozchiliklar uchun rus tilidagi ta’limni moliyalashtirishni to‘xtatishga qaror qilgan. 2022 yilning yozida esa u mamlakatdagi barcha sovet obidalarini jamoat maydonidan olib tashlanishini e’lon qildi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin esa Estoniyaning Rossiya bilan chegaradosh Narva shahri yaqinidagi T-34 tanki ko‘rinishidagi yodgorlikning buzilishi bilan bog‘liq rasmiylarning harakatlarini tekshirishni talab qilgandi. 

Qidiruv xolatlari yuzasidan Estoniya tomoni hozircha biror munosabat bildirganicha yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya qidiruv Estoniya Bosh vazir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing