Rossiya elchisi Oq uyni “terrorchi”ni taqdirlashda aybladi
Olam
−
09 mart 2023
10947Avval xabar berganimizdek, kecha, 8 mart kuni Oq uyda butun dunyodan kelgan 11 nafar ayolga “Jasoratli ayollar” mukofoti topshirilgan edi. Sovrindorlar orasida ukrainalik shifokor Yuliya Payevskaya ham bor edi. Rossiyaning AQSHdagi elchisi Anatoliy Antonov esa Oq uyda Payevskayaga xalqaro mukofot topshirilishini natsizmning ulug‘lanishi deb topdi.
“Bu sharmandalik. Natsistlarni Oq uy devorlari ichida sharaflash mumkinligi xayolimga sig‘maydi. Bilmaganlar uchun: Payevskayaning qo‘llari keksalar, ayollar va bolalarning qoniga botgan. U ukrainalik terrorchi. Ma’lum bo‘lishicha, Qo‘shma Shtatlar Rossiyani bezovta qilish uchun natsizmni ulug‘lashga ham tayyor. Mahalliy hukmron doiralar o‘z hayoti evaziga dunyoni “qo‘ng‘ir vabo”dan [natsizim nazarda tutilmoqda] ozod qilgan amerikalik va sovet faxriylari oldida sharmanda bo‘lishi kerak”, degan Antonov.
Uning aytishicha, Payevskaya 2022 yil mart oyida ikki bolaning ota-onasini o‘ldirib, o‘zi ularning onasi ekanini aytgan. O‘g‘irlangan voyaga yetmaganlar keyinroq Payevskaya ularni o‘ldirish bilan tahdid qilganini tan olgan. 2014 yilda bu shaxs Ukrainada hokimiyatni qurolli egallab olinishida faol ishtirok etgan. 2018 yilda u Donbassda neonatsistlarni jangovar tayyorlash bilan shug‘ullangan. Tinch aholiga qarshi jinoyatlar sodir etgan. Shuningdek, Antonov Amerika rasmiylari bularning barchasidan xabardor ekanini aytgan.
Ma’lumot uchun, mazkur mukofot 2007 yilda o‘sha paytdagi AQSH Davlat kotibi Kondoliza Rays tomonidan ta’sis etilgan. Mukofot tinchlik, adolat, inson huquqlari, gender tengligi hamda ayollar va qizlarning huquqlarini kengaytirishda jasorat, kuch va yetakchilik ko‘rsatgan ayollarni taqdirlashni ko‘zlagan. Tashkil etilganidan buyon 80 dan ortiq mamlakatdan 180 dan ortiq ayol mukofotga sazovor bo‘lgan. Prezident Bayden mukofotni topshirish marosimini Davlat departamentidan Oq uyga ko‘chirgan.
LiveBarchasi