Oq uyda butun dunyodan 11 nafar ayolga “Jasoratli ayollar” mukofoti topshirildi
Olam
−
09 mart 2023 7788 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari Birinchi xonimi Jill Bayden kecha, 8 mart kuni Oq uyda xalqaro “Jasoratli ayollar” mukofotini topshirish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Birinchi xonim Jill Bayden Oq uyda yig‘ilgan bir guruh ayollarga minnatdorchilik bildirib, erkaklarni ayollar bilan “sherik bo‘lishga” va o‘z huquqlari uchun kurashda ularni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
“Bizga gapirishga tayyor ayollar, tinglash va harakat qilishga tayyor erkaklar kerak. Bizga o‘z oilasiga g‘amxo‘rlik qiladigan, ularni boqadigan, o‘rgatadigan, xavfsiz jamiyatlar quradigan erkaklar kerak. Bizga g‘amxo‘rlik, hamkorlik va mehribonlik zaiflik emas, balki kuchlilik belgisi ekanligini biladigan erkaklar kerak”, degan Jill Bayden.
Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda Jill Bayden va Davlat kotibi Entoni Blinken Afg‘oniston, Argentina, Markaziy Afrika Respublikasi, Kosta-Rika, Efiopiya, Iordaniya, Qozog‘iston, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Polsha va Ukrainadan 11 nafar sovrindorga mukofotlarni topshirgan.
Bu yilgi mukofot sohiblari orasida ukrainalik shifokor Yuliya Payevskaya ham bor. U o‘tgan yili Mariupol Rossiya tomonidan bombardimon qilinganda jabrlanganlarni qutqarish bo‘yicha o‘z jamoasining sa’y-harakatlarini portativ tana kamerasiga yozib olgan edi. Payevskaya tasvirlarni qamalda bo‘lgan shahardagi so‘nggi xalqaro axborot jamoasi bo‘lgan “Associated Press” agentligiga topshirgan. Jurnalistlar bu suratlarni butun dunyoga tarqatgan. Tez orada Payevskaya rossiyaparast kuchlar tomonidan hibsga olingan va uch oy hibsda saqlangan.
Shuningdek, qozog‘istonlik huquq himoyachisi Baxitjan Toregojina ham mukofot olgan. U 2022 yil yanvar oyida Qozog‘istonda sodir bo‘lgan tartibsizliklar bilan bog‘liq qurbonlarga yordam berish va inson huquqlari buzilishini hujjatlashtirish bilan shug‘ullanuvchi “Qantar 2022” fuqarolik jamiyati tashkilotlari koalitsiyasini boshqargan.
Ma’lumot uchun, mazkur mukofot 2007 yilda o‘sha paytdagi AQSH Davlat kotibi Kondoliza Rays tomonidan ta’sis etilgan. Mukofot tinchlik, adolat, inson huquqlari, gender tengligi hamda ayollar va qizlarning huquqlarini kengaytirishda jasorat, kuch va yetakchilik ko‘rsatgan ayollarni taqdirlashni ko‘zlagan. Tashkil etilganidan buyon 80 dan ortiq mamlakatdan 180 dan ortiq ayol mukofotga sazovor bo‘lgan. Prezident Bayden mukofotni topshirish marosimini Davlat departamentidan Oq uyga ko‘chirgan.
Live
BarchasiSuriyada KIP qo‘mondoni o‘ldirib ketildi
21 yanvar