Mishel Platini qo‘yib yuborildi
Sport
−
19 iyun 2019
4109UEFAning sobiq prezidenti Mishel Platini ozodlikka chiqarildi. France Press nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, Fransiyaning Nanter shahrida hibsga olingan Platini qo‘yib yuborilgan.
Kecha, 18 iyun kuni Mishel Platini JCH-2022 mezmonini aniqlash uchun o‘tkazilgan saylov jarayonida korrupsiyaga qo‘l urganlikda gumon qilinib, hibsga olingandi. Advokat Uilyam Burdon Platinini guvoh sifatida chaqirtirgan. Biroq, Korrupsiya, moliyaviy va soliq jinoyatiga qarshi kurash markaziy boshqarmasi xodimlari UEFA sobiq rahbari kelganida uni hibsga olgan.
Platinining rasmiy vakili Jan-Kristof Alkening ma’lum qilishicha, boshqarma xodimlari surishtiruvga jalb qilingan boshqa shaxslar tergovdan tashqarida o‘zaro kelishib olmasligi uchun shunday qilgan.
Soat 4:00 lar atrofida advokat Burdon o‘tmishdagi mashhur sobiq fransuz futbolchisi qo‘yib yuborilganini ma’lum qilgan. Tergov bir necha soat davom etgan. Platini bilan birga Fransiyaning sobiq Prezidenti Nikolya Sarkozining sport bo‘yicha maslahatchisi Sofi Dion va Prezident qarorgohi Yelisey saroyi bosh kotibi Klod Gean ham hibsga olingan.
“Platini ozod qilindi. Yo‘q narsaga shuncha shovqin ko‘tarildi. Tergovchilar so‘roqqa tortilganlar o‘zaro maslahatlashib olmasligi uchun ularni alohida olib kelishibti. Men va mijozim xotirjam va yakundagi natijalarga ishonamiz”, degan Burdon.
2015 yil oxirida FIFA vitse-prezidenti lavozimini ham egallab turgan Platini etika qo‘mitasi tomonidan futbolga aloqador faoliyatdan 7 yilga chetlatilgandi.
Uning chetlatilishiga o‘sha vaqtdagi FIFA prezidenti Yozef Blatterning 2011 yilda Platini hisobiga 2 mln shveysar franki (1,7 mln yevro) o‘tkazgani sabab bo‘lgan. Fransuz mutaxassisi apellyatsiya sudiga murojaat qilib, taqiq muddatini 7 yildan 4 yilga qisqartirgandi. Platining diskvalifikatsiyasi joriy yilning kuzida tugaydi.
LiveBarchasi