Rossiya Dneprga ballistik zarba berdi
Olam
−
25 iyun 5705 2 daqiqa
Rossiya qo‘shinlari kecha, 24 iyun kuni tushdan keyin Ukrainaga navbatdagi raketa zarbasini berdi. Dneprda kamida 9 kishi, Dnepropetrovsk viloyatining Samara shahrida yana ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Dnepropetrovsk viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Sergey Lisak ma’lum qildi.
“Dneprda dushman hujumi oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi. Samarada rossiyaliklar yana ikki kishini o‘ldirdi. Yaradorlar soni ham doimiy ravishda ortib bormoqda. Ayni paytda bu ko‘rsatkich yuzdan oshdi”, deb yozdi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar orasida kamida o‘nta bola bor.
Kechqurun Rossiyaning raketa hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni 17 kishiga yetgani, 279 ga yaqin kishi jarohatlangani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmatining Dnepr va mintaqadagi ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolik infratuzilmasi – yotoqxona, sport zali va ma’muriy binoga jiddiy zarar yetgan.
“Bundan tashqari, poyezd shikastlangan, uning yo‘lovchilari jarohatlangan”, deyiladi xabarda.
“Ukrzalіznitsya”, shuningdek, Rossiyaning Ukraina sharqidagi hududiga raketa hujumi paytida yo‘lovchi poyezdi portlash to‘lqinidan zarar ko‘rganini tasdiqladi.
“Rossiyaning Dnepropetrovsk viloyatida uyushtirgan terakti oqibatida 52-sonli “Odessa – Zaporoje” poyezdi shikastlangan”, deyiladi kompanya bayonotida.
“Ukrzalіznitsya” Dneprda yo‘lovchilarni tashish va ularni Zaporojega yetkazish uchun almashtiriladigan harakat tarkibini tayyorlamoqda. Keyinchalik temiryo‘l kompaniyasi Rossiyaning ushbu hujumi va uning oqibatlari paytida “poyezd yo‘lovchilari yoki temiryo‘lchilar orasida qurbonlar bo‘lmaganini” aniqladi. Jabrlanganlar soniga esa aniqlik kiritilmagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 iyunga o‘tar kechasi Ukrainaning Sumi viloyatining Verxnesirovatskaya mahallasida Rossiya dronlari yordamida uyushtirilgan yirik hujumi oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgandi: erkak, ayol va sakkiz yoshli bola. Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzini 4 yildan beri davom ettirayotgan Rossiya kuchlari kechasi 97 dona Shahed tipidagi hujumchi dronidan foydalangan holda qo‘shni davlatga yangi zarbalar berdi.
Live
Barchasi