Rossiya bugun Istanbulda Ukraina delegatsiyasini kutmoqda
Olam
−
16 may 6318 2 daqiqa
Rossiya va Ukraina delegatsiyalari bugun, 16 may kuni ertalab Istanbulda muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda kecha, 15 may kuni kechqurun Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Rossiya Yozuvchilar uyushmasi raisi, Rossiya Prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy ma’lum qildi.
“Ertaga ertalab, tom ma’noda soat 10 dan boshlab biz uchrashuvga kelishi kerak bo‘lgan Ukraina tomonini kutamiz”, dedi u.
Muzokaralarda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff ishtirok etishi kutilmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, o‘z navbatida, “Suspіlne” nashri manbalariga ko‘ra, allaqachon Turkiyani tark etib, 16 may kuni Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammiti boshlanadigan Albaniyaga jo‘nab ketgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Istanbuldagi muzokaralarning asosiy maqsadi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lib, Ukraina delegatsiyasi bu masalani muhokama qilish mandatiga ega.
Ukraina Prezidentining rasmiy saytida e’lon qilingan farmonga ko‘ra, Ukrainadan kelgan delegatsiyaga mamlakat Mudofaa vaziri Rustam Umarov boshchilik qiladi. Muzokaralar guruhi tarkibiga, shuningdek, Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sergey Kislitsa, Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Aleksandr Poklad, Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Aleksandr Bevz va bir qator harbiy amaldorlar kiradi.
Rossiya delegatsiyasi tarkibiga esa Vladimir Medinskiydan tashqari Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin, Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Igor Kostyukov, Mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin, Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabining axborot bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Aleksandr Zorin va Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi ikkinchi departamenti direktori Aleksey Polishuk kiradi.
Vladimir Medinskiyning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasining Ukraina bilan Istanbuldagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralaridagi vazifasi ertami kechmi “mojaroning asosiy sabablarini bartaraf etish orqali uzoq muddatli tinchlikka” erishishdir.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr