Rossiya Britaniyaning 2 diplomatini mamlakatdan quvdi
Olam
−
10 mart 4792 2 daqiqa
Buyuk Britaniyaning Moskvadagi elchixonasining ikkinchi kotibi Alkesh Odedra va elchixonaning siyosiy bo‘limi birinchi kotibining turmush o‘rtog‘i Maykl Skinner akkreditatsiyadan mahrum qilindi va ularga ikki hafta ichida Rossiyani tark etishi kerakligi aytildi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Alkesh Odedra va elchixona siyosiy bo‘limi birinchi kotibi Tabazum Rashidning turmush o‘rtog‘i Maykl Skinner Rossiya Federatsiyasiga kirish uchun ruxsat olish paytida qasddan yolg‘on ma’lumot bergan va bu bilan Rossiya qonunchiligini buzgan. Shuningdek, FXX kontrrazvedka ishlari davomida ular Moskvadagi milliy elchixona niqobi ostida Buyuk Britaniyaning deklaratsiya qilinmagan razvedka xizmatida ishlagani aniqlangan.
“Diplomatlar Rossiya Federatsiyasi xavfsizligiga tahdid soluvchi razvedka va qo‘poruvchilik ishlarini olib borayotgani ham aniqlangan. Shunga asosan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda Alkesh Odedra va Maykl Skinnerning akkreditatsiyasini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi va ularga ikki hafta ichida Rossiyani tark etish to‘g‘risida buyruq berildi”, deyiladi xabarda.
Maxsus xizmatning ta’kidlashicha, FXX o‘zlaridagi barcha mavjud usullardan foydalangan holda xorijiy maxsus xizmatlarning razvedka va qo‘poruvchilik faoliyatiga qarshi kurashishda davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya to‘qqiz nafar Yaponiya fuqarosiga, jumladan, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Takesi Ivaya, Yaponiyaning Ukrainadagi elchisi Masasi Nakagome va sobiq elchi Kuninori Matsudaga mamlakatga kirishni taqiqlagan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi