Rossiya boshladi: Kiyev yana raketa va dronlar ostida qoldi (video)
Olam
−
15:24 1031 2 daqiqa
Rossiyaning bugun, 8 sentyabr kuni Kiyevga uyushtiran yirik raketa va dron hujumi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi, jarohatlanganlar soni esa 10 nafarga yetdi. Bu haqda Ukraina Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
“Rossiyaning yirik hujumidan so‘ng Kiyevda 2 kishining jasadi topildi. Jarohatlanganlar soni 10 nafarga yetdi“, deyiladi vazirlik xabarida.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, jarohatlanganlarning besh nafari shifoxonaga yotqizilgan. Ularning ikki nafari og‘ir ahvolda.
Qutqaruvchilar hujum oqibatlarini bartaraf etish ishlarini davom ettirmoqda. Golosievskiy va Podilskiy tumanlaridagi bir nechta hududda noturar binolarda yuzaga kelgan yong‘inlar o‘chirilmoqda. Dneprovskiy tumanida quruq o‘tlar yonishi oqibatida kelib chiqqan yong‘in ham nazoratga olingan.
Golosievskiy tumanida hujum oqibatida dron qoldiqlari bir nechta hududga tushgan. Omborxonalar va xususiy maktab hududida yong‘in chiqqan. Shuningdek, dron qoldiqlari turarjoy binosiga tushib, ayrim odamlar xonadonlarida qolib ketgan. Qurilishi tugallanmagan 26 qavatli bino ham zarar ko‘rgan.
Darnitskiy tumanida tushgan dron qoldiqlari omborxonalarga zarar yetkazib, yong‘in chiqishiga sabab bo‘lgan. Xususiy uy yaqinidagi garaj ham yonib ketgan, bir avtomobil zarar ko‘rgan.
Podilskiy tumanida noturar binolar joylashgan hududlarning bir nechta qismiga dron qoldiqlari tushgan. Omborxonalarda yong‘in chiqqan. Solomyan tumanida esa dron qoldiqlari tushishi oqibatida bitta noturar va ikkita turar joy binosida yong‘in yuzaga kelgan.
Hodisa joylarida favqulodda xizmatlar va kommunal xodimlar ishlamoqda. Ular yong‘inlarni o‘chirish, dron qoldiqlarini tozalash va hujum oqibatlarini bartaraf etish bilan shug‘ullanmoqda.
Klichko qurbonlar soni va yetkazilgan zarar haqidagi ma’lumotlar hali yangilanayotganini bildirgan.
Keyinroq u Kiyevning Shevchenkovskiy tumanida ham tushgan dron qoldiqlari oqibatida omborxonada yong‘in chiqqanini ma’lum qilgan. Podilskiy tumanida esa bino zarar ko‘rgan, biroq yong‘in qayd etilmagan. Favqulodda xizmatlar zarar ko‘rgan hududlarga yo‘naltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya droni Ukraina Xavfsizlik xizmatining (UXX) Kiyevdagi qarorgohiga zarba bergan edi.
Live
Barchasi