Bosh prokuratura Gulnora Karimovaning advokatini buzg‘unchilikda aybladi
Jamiyat
−
10 dekabr 2019
10449Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – Fond Forum vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimovani 7 nafar advokat himoya qilayotgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Karimovani himoya qilayotgan advokatlar haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni e’lon qildi.
“Gulnora Karimovaning manfaatlari himoyasida qatnashayotgan advokatlar xususida kelib tushayotgan ko‘plab so‘rovlar yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, ularning barchasi Gulnora Karimovaning yaqin qarindoshlari tomonidan yollangan bo‘lib, tegishli tartibda adliya organlari tomonidan berilgan advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridir”, deyiladi xabarda. .
Qayd etilishicha, advokatlar bilan barcha munosabatlar Jinoyat-protsessual kodeksi normalari asosida amalga oshirib kelinmoqda hamda ular tomonidan o‘z mijozlari huquqlarini himoya qilishda cheklanganliklari xususida biron-bir shikoyat va iltimosnoma kelib tushmagan.
“O‘zini Gulnora Karimovaning advokati sifatida tanishtirib kelayotgan Greguar Manja xususida shuni ma’lum qilamizki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra chet el advokatlarining O‘zbekiston hududida faoliyat ko‘rsatishi nazarda tutilmagan.
Ayni vaqtda, chet ellik advokat Greguar Manjaning Shveysariya hukumati tomonidan berilgan mandati Gulnora Karimovaga nisbatan Shveysariyada olib borilayotgan jinoyat ishi bilan chegaralangan bo‘lib, uning O‘zbekistonga kelishi faqatgina Shveysariya hukumatining o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi iltimosnomasi asosida amalga oshirilgan edi.
O‘z mijozi bilan uchrashish uchun yaratib berilgan imkoniyatlarni suiiste’mol qilgan Greguar Manja buzg‘unchilik xarakteridagi harakatlarni amalga oshirib, oldindan yolg‘onligi ma’lum bo‘lgan O‘zbekiston penitensiar muassasalari haqidagi bo‘hton ma’lumotlarni piar maqsadida tarqatishda ifodalangan advokatlarning umume’tirof etilgan etika qoidalarini buzilishiga yo‘l qo‘ygan.
Vaholanki, penitensiar muassasalar xalqaro huquqni himoyalovchi tashkilotlar uchun ham ochiq bo‘lib, ularning monitoring hisobotlari muntazam ravishda chop etib boriladi.
Shunga ko‘ra, o‘zbek tarafi mutanosib chora tariqasida G.Manjaning O‘zbekiston Respublikasiga kirishiga ruxsat berishni rad etishga majbur bo‘ldi.
Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi jinoyat ishi bo‘yicha boshqa jinoiy sheriklarining chet el advokatlari O‘zbekiston Respublikasidagi o‘z mijozlari bilan cheklovsiz munosabatni qo‘llab-quvvatlab kelmoqdalar”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi