Rossiya bir hafta ichida to‘rtinchi marta Odessaga zarba berdi
Olam
−
11 Oktabr
3064Rossiya qo‘shinlari so‘nggi hafta davomida to‘rtinchi marta Ukrainaning Odessa shahrini o‘qqa tutdi, qurbonlar soni 14 kishiga yetdi. Bu haqda Odessa harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper ma’lum qildi.
“Odessa hududiga uyushtirilgan hujum oqibatida ikki qavatli bino vayron bo‘ldi, unda tinch aholi yashagan va ishlagan. To‘rt kishi qutqarildi, ammo afsuski, uch kishi bino vayronalari ostida halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida 43 yoshli ayol, 22 yoshli yigit va 16 yoshli qiz bor edi. Yana bir ayol jarohatlar tufayli shifoxonada vafot etdi", deb yozdi u o‘z Telegram-kanalida.
Kiperning ta’kidlashicha, yana 10 kishi jarohatlangan va shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, u Rossiya bu hujumda ballistik raketalar qo‘llaganini ham ma’lum qildi. Bundan tashqari, o‘tgan hafta davomida uyushtirilgan hujumlar oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan. Xususan, 7 oktyabr kuni Rossiya qo‘shinlari Odessa savdo portiga ballistik raketalar bilan zarba bergan. Unda 60 yoshli ukrainalik va xususiy yuklarni qayta ishlovchi kompaniya xodimi halok bo‘lgan. 9 oktyabr kungi hujumda esa Odessadagi fuqarolik yuk kemasi ballistik raketalar bilan nishonga olingan. Oqibatda 9 kishi halok bo‘lgan va 11 kishi jarohat olgan.
“Financial Times” nashriga ko‘ra, 2023 yilning yozidan buyon Odessaning dengiz va daryo portlari qariyb 200 marta hujumga uchragan va Rossiya armiyasi ularda asosan ballistik raketalardan foydalangan. Odessa dengiz porti ma’muriyatining ma’lum qilishicha, xavfsizlik uchun kompaniyalar o‘z mahsulotlarini qirg‘oqdan uzoqroq joyda saqlashga o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qo‘shinlari Odessa portidagi infratuzilmaga ballistik raketalar bilan hujum qilishi oqibatida Palau bayrog‘i ostidagi OPTIMA fuqarolik kemasi vayron bo‘lgan edi.
LiveBarchasi
06 noyabr