Rossiya bilan harbiy va strategik hamkorlikni chuqurlashtirish kerak — Pashinyan

Olam 1716
image
-

Armaniston Ozarbayjonning tajovuzkor siyosati fonida Rossiya bilan harbiy va strategik hamkorlikni jiddiy ravishda chuqurlashtirishi kerak. Bu haqda Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan o‘z tarafdorlari bilan Syunik viloyati Kapan shahrida  o‘tkazilgan mitingda aytib o‘tdi.  

“Biz Ozarbayjonning tajovuzkor siyosatiga javob berishimiz kerak. Rossiya bilan harbiy va strategik hamkorligimizni jiddiy ravishda chuqurlashtirishimiz lozim. Shu jumladan, mamlakatimiz xavfsizligini YeXHT Minsk guruhi ishtirokida ta’minlashimiz kerak”, degan Pashinyan. 

Shuningdek, u bularning barchasi Armaniston armiyasini jiddiy isloh qilish fonida amalga oshirilishi kerakligini ta’kidlagan. 

Ma’lumot o‘rnida, Armanistonda o‘tgan yilning noyabr oyida boshlangan siyosiy inqiroz fonida Bosh vazir va parlamentda vakili bo‘lgan partiyalar rahbarlari muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga kelishib oldi. Joriy yilning 10 may kuni bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda deputatlar parlamentni tarqatib yuborishni qonuniy ravishda amalga oshirish uchun zarur rasmiyatchiliklarga rioya qildi. Shundan so‘ng, mamlakat Prezidenti Armen Sarkisyan muddatidan oldin saylovlar kunini joriy yilning 20 iyuniga belgiladi. Pashinyan va uning hukumati a’zolari saylovgacha vazifa bajaruvchi lavozimida ishlab kelmoqda. Uning “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi boshqa kuchlar bilan bloklar tuzishdan bosh tortgan va saylovlarda mustaqil qatnashmoqda. 

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Pashinyanning saylovdagi asosiy raqiblaridan biri Armanistonning sobiq Prezidenti Robert Kocharyan bo‘ladi. U “Dashnaksutyun” va “Qayta jonlanayotgan Armaniston” partiyalari rahbarlari Ishxan Sagatelyan va Vage Akopyan bilan birgalikda “Armaniston” blokini yaratgan. 

Saylovda Armaniston Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Artur Vanetsyanning “Rodina” partiyasi bilan blok tuzgan eks-prezident Serj Sargsyanning Respublikachilar partiyasi ham ishtirok etadi. Shuningdek, parlament muxolifati — “Obod Armaniston” va “Porloq Armaniston” partiyalari ham saylovlarda hech qanday bloklarga qo‘shilmasdan qatnashishlarini e’lon qilgan. 

Avvalroq, Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan Respublikaning barcha hududlaridan o‘z tarafdorlarini 20 iyun kuniga belgilangan muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari munosabati bilan 17 iyun kuni Yerevanda bo‘lib o‘tadigan umummilliy miting va marshga chaqirgani haqida xabar bergandik.

Rushana Sultonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 19
Reyting: 3.2
t
×