Rossiya Belarusga S-400 zenit-raketa komplekslarini yetkazib berdi
Olam
−
29 may 2023
9332Rossiya Belarusga yana S-400 zenit-raketa komplekslarini yetkazib berdi. Bu haqda bugun, 28 may kuni Belarus Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Belarus Respublikasiga S-400 zenit-raketa majmuasining navbatdagi kompleksi yetib keldi. Yaqin kunlarda kompleks jangovar vazifani bajaradi. Belarus zenit-raketachilari Rossiya poligonlarida jangovar foydalanish bo‘yicha to‘liq o‘quv kursini tamomladi”, deyiladi xabarda.
Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, Belarus mintaqaviy kuchlar guruhining jangovar salohiyatini oshirish, jumladan, qurolli kuchlarning birliklari va harbiy qismlarini yangi zamonaviy qurollar bilan jihozlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etmoqda.
“S-400 zenit-raketa majmuasini yetkazib berish Belarus Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik doirasida amalga oshirildi. Harbiy xizmatchilar o‘z bilim va ko‘nikmalarini Belarus va butun Ittifoq davlatining harbiy xavfsizligini ta’minlash uchun amalda qo‘llashga tayyor”, deyiladi Belarus Mudofaa vazirligi bayonotida.
Bundan tashqari, Belarus Harbiy-havo kuchlari va havo hujumidan mudofaa kuchlari qo‘mondoni polkovnik Andrey Lukyanovich S-400 kompleksi mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun “jiddiy dalil” ekanini aytgan.
“Bugungi kunda bu eng zamonaviy zenit-raketa majmuasi bo‘lib, u havo nishonlarining butun spektrini – havo hujumi qurollarini, shu jumladan, ballistik trayektoriyalar bo‘yicha uchadigan, 400 km gacha masofadagi nishonlarni urib tushirish imkoniyatiga ega”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin belaruslik mavqedoshi Aleksandr Lukashenkoning iltimosiga ko‘ra, Rossiyaning taktik yadro qurollari Belarusga joylashtirilishini ma’lum qilgandi. Rossiya davlati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 1 iyulda Belarus hududida taktik yadroviy qurollarni saqlash ombori qurilishini yakunlash rejalashtirilgan. Moskva Minskka yadroviy qurol tashuvchisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan “Iskander” raketa tizimini allaqachon topshirgan va Belarus samolyotlarini maxsus o‘q-dorilardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun qayta jihozlashda yordam bergan. Belarus harbiy xizmatchilari Rossiya Federatsiyasida tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan. 25 may kuni esa Rossiya va Belarus Mudofaa vazirlari Sergey Shoygu va Viktor Xrenin Minskda Rossiya yadro qurolini Belarus hududidagi maxsus omborda saqlash tartibini belgilovchi hujjatlarni imzoladi. Shundan so‘ng Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamenti mazkur kelishuvni keskin qoralab, bu Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan keyingi mas’uliyatsiz xatti-harakatlarining yana biri ekanini ta’kidladi.
LiveBarchasi