Rossiya banklariga fuqarolarga naqd valyuta sotishga ruxsat berildi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki bugun, 18 apreldan boshlab banklar uchun naqd valyutani sotish imkoniyatini tikladi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Markaziy bank 9 martdan boshlab naqd valyuta bilan operatsiyalarni amalga oshirishning vaqtinchalik tartibini joriy qilgan, u 9 sentyabrgacha amal qiladi. Regulyator 8 aprel kuni vaqtinchalik tartib yumshatilganini e’lon qildi. Banklar tomonidan naqd pul sotish imkoniyati tiklanishi bilan bir qatorda, 9 martgacha xorijiy valyutada hisob raqamlari yoki depozitlari ochgan hamda o‘z hisobvaraqlaridan naqd pul olish uchun belgilangan limitni tanlamagan fuqarolarga 11 apreldan nafaqat dollarni balki yevroni ham naqd olishga ruxsat berildi.

Shu bilan birga, fuqarolarning hisob raqamlaridan chet el valyutasini yechib olishning umumiy chegarasi 10 000 dollar (yoki yevrodagi ekvivalenti) miqdorida saqlanib qoldi. Markaziy bankning ta’kidlashicha, fuqarolar naqd valyuta bilan operatsiyalarni amalga oshirishning vaqtinchalik tartibi davomida rubldagi valyuta hisobvaraqlaridan limitdan ortiq mablag‘larni olishlari mumkin. Zarur hollarda konvertatsiya qilish bank kursi bo‘yicha amalga oshiriladi, lekin chiqarilgan summa Markaziy bankning emissiya kunidagi rasmiy kursi bo‘yicha hisoblangan summadan kam bo‘lishi mumkin emas.

Ma’lumot uchun, 3 mart kuni Rossiya banki brokerlarga birjada chet el valyutasini (AQSH dollari, yevro va funt sterling) sotib olgan jismoniy shaxslardan komissiya undirishni buyurdi. Dastlab uning hajmi tranzaksiya summasining kamida 30 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 4 mart kuni 12 foizga pasaytirildi. Ammo, bu safar Markaziy bank komissiyani nafaqat jismoniy shaxslar, balki yuridik shaxslar uchun majburiy qildi. Regulyator o‘z qarorini joriy etilgan cheklov banklar va brokerlar o‘rtasidagi raqobat sharoitlarini tenglashtirishi bilan izohladi.

Rublning qulashi ortidan 9 mart kuni Rossiya banki naqd operatsiyalarni amalga oshirishning vaqtinchalik tartibini joriy qildi. Unga ko‘ra, 10 000 dollargacha bo‘lgan mablag‘ni xorijiy valyutadagi depozitlar yoki hisobvaraqlardan naqd pulda, qolganini rublda olish mumkin edi. Ammo 8 aprel kuni regulyator moliyaviy barqarorlik uchun xavflar  o‘sishi to‘xtaganini aytib, rejadan tashqari stavkani 17 foizga tushirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya bank

Baholaganlar

323

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing