Rossiya Afrikaga g‘alla va o‘g‘it yetkazib beradi – Putin

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Ukraina doni o‘rnini to‘ldira olishiga ishontirdi. Bu haqda u 27-28 iyul kunlari Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi Rossiya-Afrika sammiti va iqtisodiy forumi arafasida e’lon qilingan “Rossiya va Afrika: tinchlik, taraqqiyot va muvaffaqiyatli kelajak uchun kuchlarni birlashtirish” maqolasida aytib o‘tdi.

“Ukrainadan eksport qilinadigan yukning 70 foizdan ortig‘i yuqori va o‘rtadan yuqori daromadli mamlakatlarga, jumladan, Yevropa Ittifoqiga jo‘natilgan bo‘lsa, Efiopiya, Sudan va Somali kabi davlatlar, shuningdek, Yaman va Afg‘oniston ulushi 3 foizdan kam”, degan Putin.

Shuningdek, davlat rahbari Rossiya bu yil yana rekord darajadagi hosilni kutayotganini va Ukraina g‘allasini tekin yoki tijorat asosida almashtirishga tayyorligini aytgan. 

“Sizni ishontirib aytmoqchimanki, bizning mamlakatimiz Ukraina g‘allasini ham tijorat, ham bepul almashtirishga qodir, ayniqsa, bu yil biz yana rekord darajadagi hosilni kutmoqdamiz”, deb yozadi Putin.

Rossiya rahbari 2022 yilda uning davlati Afrikaga 11,5 million tonna, joriy yilning birinchi olti oyida esa qariyb 10 million tonna don eksport qilganini eslatgan.

Ma’lumot uchun, 25 ta Afrika davlatining har yilgi bug‘doy importining uchdan biri Rossiya va Ukraina hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham, Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri oziq-ovqat narxi oshishi sababli, og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazayotgan Afrika davlatlari ikki davlatni yarashtirish tashabbusi bilan chiqqan. Xususan, Afrika Ittifoqi komissiyasi rahbari Musa Faki Muhammad tomonlarni don yo‘lagi kelishuvlarini yangilashga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 18 iyul kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi don yo‘lagi bo‘yicha kelishuvni to‘xtatilganini e’lon qilgandi.  Shundan so‘ng, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Moskvaning bu qarorini qoraladi. 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga don yo‘lagi kelishuvini yoki unga o‘xshash loyihani uch tomonlama shaklda davom ettirish taklifi bilan rasmiy maktub yubordi. 

Bu orada Rossiya tomonidan Odessaga qilingan raketa va dron hujumi oqibatida 60 ming tonna g‘alla yo‘qotildi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin g'alla o'g'it

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing