Rossiya 18 oy davomida Yevropadagi yadroviy ob’ektlarni dronlar orqali kuzatgan – OAV
Olam
−
03 iyul 4332 3 daqiqa
Rossiya 2024 yil oxiridan boshlab 18 oy davomida Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya va Niderlandiyadagi yadroviy hamda harbiy ob’ektlarni dronlar orqali kuzatgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti hisobotida qayd etilishicha, 2024 yil oxiridan buyon Yevropaning o‘ndan ortiq mamlakatida jami 144 ta shubhali dron parvozi qayd etilgan. Tadqiqotchilar ushbu operatsiyalar Rossiyaning “soya floti” tarkibidagi kemalardan amalga oshirilganini va ular ortida Kreml turgan bo‘lishi ehtimoli yuqori ekanini qayd etgan.
Nishonga olingan ob’ektlar orasida Buyuk Britaniyadagi RAF Lakenheath aviabazasi, Fransiyaning Île Longue yadroviy suvosti kemalari bazasi, shuningdek, Belgiya va Niderlandiyadagi AQSH yadroviy qurollari saqlanadigan harbiy bazalar bor.
Shuningdek, hisobotda Rossiya Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Belgiya, Fransiya va Germaniyadagi harbiy ob’ektlarni kuzatishga hamda NATO davlatlarining havo mudofaasi imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishga uringani qayd etilgan.
Xususan, 2024 yil noyabr oyida Buyuk Britaniyadagi 4 ta AQSH aviabazasi ustida bir nechta dron kuzatilgan. Germaniyada esa 2025 yil davomida mudofaa korxonalari va ukrainalik harbiylar tayyorgarlik o‘tayotgan bazalar ustida mingdan ortiq shubhali dron parvozi qayd etilgan. Shuningdek, 2025 yil noyabr va dekabr oylarida Niderlandiya hamda Belgiyadagi AQSHning B61 yadroviy bombalari saqlanishi taxmin qilinayotgan harbiy bazalar, shuningdek, Fransiyadagi Île Longue suvosti kemalari bazasi ustida ham dronlar kuzatilgan.
Mutaxassislarga ko‘ra, dronlar joylashuvini kuzatish qurilmalari (transponderlar) o‘chirib qo‘yilgan “soya floti” kemalaridan uchirilgan bo‘lishi mumkin. Ayrim kemalar esa signal uzatish yoki dronlarni qaytarib olish vazifasini bajargan.
Hisobotda qayd etilishicha, NATO davlatlari ushbu dronlarning birortasini ham urib tushira olmagan yoki qo‘lga olmagan. Tadqiqotchilar buni alyans havo mudofaasi tizimidagi jiddiy zaiflik sifatida baholagan.
Xalqaro strategik tadqiqotlar institutining ekspertlari Rossiyaning ehtimoliy maqsadlari qatorida yadroviy ob’ektlarni kuzatish, harbiy logistika va ta’minot yo‘llarini o‘rganish, shuningdek, psixologik bosim o‘tkazishni sanab o‘tgan.
Shu bilan birga, Yevropa hukumatlari hozircha ushbu hodisalar ortida Rossiya turganini rasman tasdiqlamagan. Biroq hisobot mualliflari mavjud dalillar Kreml bu operatsiyalarni muvofiqlashtirganini ko‘rsatayotganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, “soya floti” kemalari – bu odatda sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun ishlatiladigan tankerlar guruhi bo‘lib, ular neft va gaz tashish bilan shug‘ullanadi. Lekin rasmiy hujjatlarda ularning egasi yoki kelib chiqishi yashirilgan bo‘lishi mumkin. Bunday kemalar ko‘pincha eski bo‘ladi va turli davlatlar bayroqlari ostida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ularning asosiy vazifasi – cheklovlarga qaramay neft savdosini davom ettirish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Harbiy-dengiz kuchlari Atlantika okeanida, Fransiyaning Bretan sohillaridan taxminan 740 kilometr g‘arbda Rossiya neft savdosi bilan bog‘liq sanksiya ostidagi tankerini to‘xtatib, uni Fransiya qirg‘oqlariga yo‘naltirgan edi.
Live
Barchasi