Rossiya 10 yashar o‘quvchining o‘limi bo‘yicha tilga kirdi: hamdardlik bildiramiz
Olam
−
18 dekabr 18474 2 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Tojikistonga va Moskva viloyatining Odinsovo shahridagi maktabda halok bo‘lgan bolaning oilasiga hamdardlik bildiradi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
“Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tojik tomoniga, marhumning oilasiga va hujumda jarohat olganlarga chuqur hamdardlik bildiradi. Rossiya tomoni Tojikiston Respublikasi bilan strategik sheriklik va ittifoqchilikka xos bo‘lgan o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyiliga amal qiladi”, deb ta’kidladi diplomat.
Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi fojianing barcha holatlarini aniqlash va tergov o‘tkazish uchun Moskvadagi Tojikiston elchixonasiga zudlik bilan yordam taklif qildi. U Rossiya tomoni tergovning xolis bo‘lishini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini aytgan. Mariya Zaxarovaning qo‘shimcha qilishicha, har qanday inson hayoti, fuqaroligi yoki millatidan qat’i nazar, eng yuqori qadriyatdir.
17 dekabr kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Odinsovoning Gorki-2 qishlog‘idagi Uspenskiy o‘rta maktabida to‘rtinchi sinf o‘quvchisining o‘ldirilishini qoraladi. Vazirlik respublika fuqarosi bo‘lgan bolaning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 16 dekabr kuni ertalab 15 yoshli to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi maktabga pichoq bilan bostirib kirdi. U qo‘riqchi va to‘rtinchi sinf o‘quvchisini pichoqlab, bolani o‘ldirdi. Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik) va Rossiya Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga urinish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov qo‘mitasi hibsga olingan 15 yoshli o‘smir so‘roq paytida aybini tan olganini, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va tafsilotlarni ham bayon qilganini ma’lum qildi.
Hujumni uyushtirgan 15 yoshli Timofey K. ismli bola qo‘lga olingan. Uning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan. Shuningdek, o‘smir ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskada “Sygaown” so‘zi yozilgan bo‘lib, bu 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.
Live
Barchasi