Rossiya hukumati iste’foga chiqadi
Olam
−
07 aprel
44564Rossiyaning yangi saylangan prezidenti inauguratsiyasi kuni hukumat iste’foga chiqadi va mamlakatda yangi Vazirlar Mahkamasini shakllantirish jarayoni boshlanadi. Bu haqda mamlakat konstitutsiyasiga tayanib, rus matbuoti xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, hukumat 2020 yil 1 iyulda bo‘lib o‘tgan Butunrossiya ovoz berish jarayonida ma’qullangan Rossiya Konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatish bilan belgilangan yangi qoidalar bo‘yicha birinchi marta to‘liq shakllantiriladi.
Joriy yilning 15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Vladimir Putin rasman Rossiya prezidenti etib qayta saylandi va saylov natijalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlandi.
Qonunga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi prezidenti inauguratsiyadan keyin ikki hafta ichida Rossiya Federatsiyasi hukumati raisining nomzodi bo‘yicha deputatlar ko‘rib chiqish uchun taklif kiritadi. Shu kundan boshlab bir hafta ichida deputatlar prezident taklif qilgan nomzodni ko‘rib chiqadilar. Agar Davlat Dumasi uni tasdiqlasa, prezident bosh vazir lavozimiga nomzodni tayinlaydi.
Qonunga ko‘ra, davlat rahbarining qasamyod qilish marosimi 7 may kuni bo‘lib o‘tishi kerak, qasamyod qabul qilish kuni esa Vazirlar Mahkamasi Rossiyaning yangi saylangan prezidenti oldidagi vakolatlarini bajarishni to‘xtatadi. Shu tariqa, hukumat 7 may kuni iste’foga chiqishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Rossiya prezidentligiga nomzod va amaldagi davlat rahbari Vladimir Putin g‘alaba qozongan edi.
LiveBarchasi