Rossiya har oyda yollanganiga nisbatan 6 ming nafar ko‘proq harbiy yo‘qotyapti – OAV

Olam

image

Rossiyaning Ukrainadagi har oylik yo‘qotishlari yangi yollanganlar sonidan taxminan 6 ming kishiga ko‘proqni tashkil etmoqda. Bu haqda g‘arblik mulozimlarning baholashlariga tayanib, “The Guardian” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya kuniga taxminan 1 ming kishini yollashda davom etayotganiga qaramay, oxirgi ikki oy ichida hatto bu ko‘rsatkich ham halok bo‘lganlar va yaradorlar o‘rnini bosish uchun yetarli bo‘lmagan. 

“Bizning baholashimizcha, Rossiyaning harbiy harakatlar oqibatida yo‘qotayotgan odamlari soni va u yollashga muvaffaq bo‘layotganlar soni o‘rtasidagi farq hozirda oyiga taxminan 6 ming kishini tashkil etmoqda”, deydi nashr manbalaridan biri.

Bildirilishicha, G‘arb Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ushbu kadrlar tanqisligiga Ukrainaning fuqarolik infratuzilmasi va tinch aholisiga zarbalarni kuchaytirish qilish orqali javob bermoqda, deb hisoblamoqda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning iyul oyi boshidan beri rossiyalik qo‘shinlar Kiyevda ballistik raketalardan himoyalanish vositalari yetishmasligidan foydalanib, 360 dan ortiq raketa otgan. 

“Moskva bu qishda ukrainaliklarning energetika infratuzilmasini vayron qilish orqali ularning jangovar ruhini sindirishga urinayotgani aniq”, deydi mulozim.

G‘arb rasmiylari, shuningdek, Rossiyada safarbarlikning yangi to‘lqinini o‘tkazish katta siyosiy va iqtisodiy xavf-xatarlar bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Masalan, 2022 yil kuzidagi safarbarlik paytida taxminan bir million yuqori malakali rossiyalik mamlakatni tark etgan. Bundan tashqari, texnika va ofitserlar tarkibi yetishmasligini hisobga olganda, Rossiya harbiylari bir necha yuz ming yangi chaqiriluvchilarni qabul qila olishi va ta’minlay olishi noaniqligicha qolmoqda. 

G‘arb razvedka xizmatlarining fikricha, hozirda Putinning asosiy maqsadi – Kiyev ittifoqchilarining qo‘llab-quvvatlashi susayishiga umid qilgan holda Ukrainani holdan toydirish kampaniyasini davom ettirish, ayniqsa hukumatlar Rossiyaning Yevropaga ehtimoliy bostirib kirishi xavotiridan cho‘chib qolgan bo‘lsa. 

Shu bilan birga, g‘arblik mulozimlar tahdid voqeligi saqlanib qolayotganiga qaramay, “Putin NATO bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvdan qochishni mutlaqo xohlashini”, uning tahdidli ritorikasini esa “parchalangan va yanada ojiz Yevropa”ni yaratishga urinish sifatida qarash kerakligini ta’kidlamoqda.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil iyul oyiga kelib Rossiya armiyasining umumiy yo‘qotishlari halok bo‘lganlar va yaradorlar bilan birga 1,4 million kishidan oshgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat mudofaa-sanoat majmuasi oldiga uzoq masofaga zarba beruvchi dronlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish vazifasini qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing