Rosgvardiya rahbari Prigojin isyoni tugaganidan uch kun o‘tgach, “tilga kirdi”
Olam
−
27 iyun 2023 31273 2 daqiqa
Rosgvardiya rahbari Viktor Zlotov Prigojinning qurolli isyoni tugaganidan deyarli uch kun o‘tib, bu bo‘yicha izoh berdi.
Zlotovning aytishicha, G‘arb Prigojinning qo‘zg‘oloni haqida oldindan bilgan bo‘lishi mumkin va ushbu harakat G‘arb tomonidan ilhomlantirilgan hamda Prigojinning ambitsiyalari ustiga qurilgan.
Rosgvardiya rahbari huquq-tartibot idoralari xodimlarining qo‘zg‘olon davomidagi faoliyatini a’lo darajada baholab, “Vagner” Rossiya bo‘ylab bunchalar erkin harakatlanganini asosiy kuchlarning Moskva yaqinida to‘plangani bilan izohlagan.
Uning ta’kidlashicha, qo‘zg‘olon fonida Moskvada biror provokatsiya yuzaga kelganida ham bostirilgan bo‘lar edi.
“Biz g‘alaba qozonishimizni bilardik, isyonchilar Moskvani egallay olmagan bo‘lardi”, deydi u.
Bundan tashqari Zlotov qo‘zg‘olon vaqtida Putin bilan doimiy aloqada bo‘lib turganini qo‘shimcha qilgan. Shuningdek, u Rosgvardiya uchun og‘ir texnikalar hamda tanklarni jalb qilish masalasini ham Putin bilan muhokama qilganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab olgandi. Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Buning ortidan Rossiya Mudofaa vazirligi “Vagner” hujum otryadlari jangchilariga, Prezident Vladimir Putin esa rossiyaliklarga murojaat bilan chiqdi. Shuningdek, O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi Rossiyada bo‘lib turgan fuqarolarini ogohlantirdi.
Live
Barchasi