Ronalduning “ketmoni uchmayapti”. U bu mavsumda juda yomon statistika qayd etmoqda

Sport

image

Portugaliya terma jamoasi va “Manchester Yunayted” klubi futbolchisi Krishtianu Ronaldu uchun joriy mavsum mutlaqo omadsiz kechmoqda. Ronaldu ushbu mavsumda bor-yo‘g‘i bitta gol urdi. 

FIFA kunlari doirasida Portugaliya terma jamoasi UEFA Millatlar ligasining ikkita uchrashuvida maydonga tushdi. Dastlab “Yevropa Braziliyasi” Chexiyaga qarshi o‘yinda yirik 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu o‘yinda Ronaldu bitta golli uzatma bilan kifoyalandi.

Portugallar 27 sentyabr kuni Ispaniyaga qarshi uchrashuvda 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Ronaldu bir-nechta qulay imkoniyatlardan foydalana olmadi. Natijada, Portugaliya Millatlar ligasining yarim finaliga chiqish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

Yangi mavsumda 37 yoshli futbolchining ketmoni uchmayapti. Ronaldu Portugaliya terma jamoasi va “Yunayted” uchun 10 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol urdi. Krishtianu bilan sodir bo‘layotgan vaziyatni ikki xil izohlash mumkin. Birinchisi: Ronaldu “Manchester Yunayted”ning mavsum oldi yig‘inini o‘tkazib yuborgani uchun sport formasini tiklay olmayapti. Ikkinchisi: muxlislar Ronalduning erasi tugashiga guvoh bo‘lmoqda.

Ronaldu o‘zini hisobdan chiqarib qo‘yishlariga ko‘nikmagan. Shuning uchun u o‘tgan yozda “Yunayted” tark etib Yevropa Chempionlar ligasida o‘ynaydigan klub safiga o‘tishni istadi. Rejasi amalga oshmagach, “qizil iblislar” safida qahramonlik ko‘rsatishga tirishmoqda. Ammo omad Ronalduning yaqiniga ham yo‘lashni istamayapti. Albatta, Krishtianuni ojiz va g‘azabnok, balki ojiz holda ko‘rish achinarli. Kim biladi, endilikda uni mana shunday holatda ko‘rishga ko‘nikish kerakdir…

Ma’lumot uchun, Ronaldu 2021 yilda beri “Yunayted” safida to‘p tepadi. U “qizil iblislar” safida 2003-2008 yillarda ham o‘ynagan. U 2009 yilda “Manchester Yunayted”ni “Real Madrid” bilan almashtirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Krishtianu Ronaldu

Baholaganlar

28

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing