Ronaldu zaxiradan tushgan o‘yinda “Yunayted” “Liverpul”ni yengdi

Sport

image

Kecha, 22 avgust kuni futbol bo‘yicha Angliya Premer ligasining 3-turi doirasida “Manchester Yunayted” o‘z maydonida “Liverpul”ni qabul qildi. Uchrashuvda “qizil iblislar” 2:1 hisobida g‘alabaga erishdi.

Qayd etish kerakki, ushbu bahs turning markaziy uchrashuvi edi. Qolaversa, bu uchrashuvda ikki jamoaga ham g‘alaba suv va havodek zarur edi. Sababi “Yunayted” dastlabki ikkita turda imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, “Liverpul” 2 ta durrang natija qayd etdi. Shuning uchun dastlabki daqiqalardan hujumkor o‘yin bo‘lishi kutilgandi va amalda ham shunday bo‘ldi. Dastlabki daqiqalar “qizil iblislar”ning ustunligida boshlandi. Entoni Elanga Bruno Fernandeshning uzatmasidan so‘ng Alison Beker bilan yakama-yakka chiqib bordi va zarba yo‘lladi, biroq uning zarbasi darvoza ustuniga tegib maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Ammo 16-daqiqaga kelib, “Manchester Yunayted” baribir o‘z maqsadiga erishdi. Jeydon Sancho jarima maydoni ichida ajoyib harakat qilgan holda hisobni ochdi. Goldan so‘ng liverpulliklar ham biroz jonlangandek bo‘lishdi. Biroq hujum chizig‘idagi Muhammad Saloh va Roberto Firminoning o‘yini umuman qovushmadi. Faqatgina Luis Dias nimadir qilishga urindi. Buning o‘zi birinchi taymda hisobni tenglashtirish uchun yetarli bo‘lmadi.

Ikkinchi bo‘lim nisbatan sokin boshlandi. 53-daqiqada mana shu sokinlikka “Mancheaster Yunayted” nuqta qo‘ydi. Markus Rashford qarshi hujumga ajoyib yakun yasadi va o‘rtadagi farq ikkitaga yetdi. 55-daqiqada Rashford dublni rasmiylashtirishi mumkin edi, biroq bu safar Alison jamoasi joniga oro kirdi. Manchester klubida yana bir nechta golli imkoniyatlar yuzga keldi, biroq imkoniyatlar ko‘kka sovrildi. Natijada Muhammad Saloh 82-daqiqaga kelib, o‘rtadagi farqni bittaga qisqartirdi. Qolgan daqiqalarda jamoalar qanchalik harakat qilishmasin uchrashuvda boshqa hisob o‘zgarmadi. Shu tariqa, Erik ten Xag shogirdlari muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.

APL. "Manchester Yunayted" - "Liverpul" 2:1

Gollar: Jeydon Sancho (Entoni Elanga) 16', Markus Rashford (Antoni Marsyal) 53', Muhammad Saloh 82'

"Manchester Yunayted": 1. David de Xea, 20. Diogu Dalot (29. Aaron Uan-Bissaka 86'), 19. Rafael Varan, 6. Lisandro Martines, 12. Tayrell Malasia, 14. Kristian Eriksen (34. Donni van de Bek 86'), 39. Skott Maktominey, 36. Entoni Elanga (9. Antoni Marsyal 46'), 8. Brunu Fernandesh, 25. Jeydon Sancho (17. Fred 71'), 10  Markus Rashford (7. Krishtianu Ronaldu 86').

"Liverpul": 1. Alison, 66. Trent Aleksander-Arnold, 2. Jo Gomes, 4. Virdjil van Deyk, 26. Endryu Robertson (21. Konstantinos Simikas 85'), 7. Jeyms Milner (28. Fabio Karvalyu 73'), 14. Jordan Xenderson (3. Fabino 59'), 19. Xarvi Elliot, 11. Moxamed Salax, 9. Roberto Firmino, 23. Luis Dias.

Ma’lumot uchun, keyingi turda “Manchester Yunayted” “Sautgempton” maydoniga safar qilsa “Liverpul” o‘z maydonida “Bornmut”  qabul qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

"Liverpul'" "Manchester Yunayted"

Baholaganlar

30

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing