Ronaldu va Jorjinaning to‘yi haqida nimalar ma’lum?

Sport

image

Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu va uning sevgilisi Jorjina Rodrigesning to‘yi joriy yil avgust oyining birinchi dam olish kunlarida o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda “The Sun” nashri xabar berdi.

Xabarlarga ko‘ra, to‘y marosimi mehmonlari orasida UFC yulduzlari Habib Nurmagomedov va Konor Makgregor, shuningdek, futbol va shou-biznes olamining mashhur vakillari bo‘lishi kutilmoqda. Biroq hozircha bu ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan.

“Gossip” jurnali tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, to‘y juda dabdabali o‘tishi kutilmoqda. Taklif etilgan mehmonlar ro‘yxatiga “Real Madrid” futbolchilari Kilian Mbappe, Vinisius Junior va Rodrigo, “Manchester Yunayted” afsonasi Rio Ferdinand, aktyor Vin Dizel, qo‘shiqchi Jennifer Lopes, reperlar Dreyk va Trevis Skott, jurnalist Pirs Morgan hamda bloger ISHowSpeed kiritilgani aytilmoqda.

Eng ko‘p muhokama qilinayotgan jihatlardan biri esa – Habib Nurmagomedov va Konor Makgregorning bir tadbirda ishtirok etishi ehtimolidir. Ikki sportchi 2018 yilning oktyabrida UFC 229 turnirining asosiy jangida o‘zaro to‘qnashgan va Habib to‘rtinchi raundda g‘alaba qozongan edi. O‘shandan beri ularning munosabatlari keskin bo‘lib kelmoqda.

Portugaliyaning V+ Fama dasturi tahririyati o‘z qo‘liga tushgan taklifnoma haqida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, marosim joriy yilning 2 avgust kuni kechqurun Sintra shahridagi mashhur Quinta da Regaleira saroy-bog‘ majmuasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mehmonlar uchun qora libos kodeksi belgilangani ham aytildi.

Biroq Ispaniyaning “HOLA” nashri bu ma’lumotlarga shubha bilan qaramoqda. Nashrning ta’kidlashicha, Quinta da Regaleira joriy yilning 2 avgust kuni sayyohlar uchun ochiq bo‘ladi va o‘sha kuni kechqurun u yerda konsert rejalashtirilgan. Shu bois, bunday ko‘lamdagi to‘yning aynan shu yerda o‘tkazilishi ehtimoli past deb baholanmoqda.

Bundan tashqari, kecha, 30 iyul kuni Ronaldu, Jorjina va Krishtianu kichik (Cristiano Jr.) Mayorkaga ta’tilga yo‘l olgani haqida xabarlar tarqaldi. “Majorca Daily Bulletin” ma’lumotiga ko‘ra, oila hozircha yaxtada dam olmoqda. Shunga qaramay, ko‘pchilik juftlik yaqin vaqt ichida nikohdan o‘tishini kutmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Ronaldu Jorjinaga turmush qurish taklifini bildirib, bir necha million yevro deb baholanayotgan yirik oval olmosli uzuk sovg‘a qilgan edi.

Shuningdek, u Jorjinaga oq rangli Porsche Taycan elektromobili, Audemars Piguet va Patek Philippe soatlari, Dior va Louis Vuitton sumkalari hamda qimmatbaho liboslar ham sovg‘a qilgan.

Pirs Morganga bergan intervyusida Ronaldu Jorjinani hayotidagi eng muhim inson deb atagan.

“Jorjina – mening hayotimdagi ayol. Unga turmush qurish taklifini berish tabiiy qaror edi. U men va oilam haqida g‘amxo‘rlik qiladi, meni tushunadi. Men aynan shunday insonni izlaganman. Biz Jahon chempionatidan keyin turmush qurishni rejalashtirganmiz”, degan edi Ronaldu.

Ma’lumot uchun, 40 yoshli Krishtianu Ronaldu va 32 yoshli Jorjina Rodriges 2016 yildan buyon birga yashab kelmoqda. Ular ikki nafar qizni – Alana Martina (2017 yil) va Bella Esmeraldani (2022 yil) tarbiyalamoqda. Shuningdek, oilada kichik Krishtianu (2010 yil) hamda egizaklar Mateo va Yeva (2017 yil) ham voyaga yetmoqda.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing