Ronaldu O‘zbekistonga qarshi o‘yin haqida gapirdi
Sport
−
24 iyun 58610 2 daqiqa
Futbol bo‘yicha Portugaliya milliy terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu JCH-2026 doirasidagi O‘zbekistonga qarshi o‘yin haqida gapirib, maqsadi har doim milliy terma jamoaga qo‘yilgan vazifalarga erishishda yordam berish ekanini aytdi. Bu haqda u kecha, 23 iyun kuni o‘yindan so‘ng FIFA’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“K” guruhining 2-turida 41 yoshli forvard dubl qayd etib, jamoasining 5:0 hisobidagi yirik g‘alabasiga hissa qo‘shdi va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Ronaldu tarixda oltita Jahon chempionatida gol urgan ilk futbolchiga aylandi. Shuningdek, u Eysebioni ortda qoldirib, o‘nta gol bilan Jahon chempionatlarida urilgan gollar soni bo‘yicha Portugaliya terma jamoasi rekordini o‘rnatdi.
“Juda xursandman. Ammo men uchun eng muhimi – bu bizning mehnatimiz va ko‘rsatgan ishonchimizdir. Jamoa haqiqatan ham yaxshi harakat qildi va o‘z o‘yinini sezilarli darajada yaxshiladi. Xalqimiz aytganidek, har yomonning bir yaxshisi bor. Albatta, shaxsan men uchun rekordlar doim yoqimli, lekin maqsadim har doim milliy terma jamoaga qo‘yilgan vazifalarga erishishda yordam berishdir”, deydi Ronaldu.
Birinchi turda portugaliyaliklar Kongo DR bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan edi. So‘nggi turda Portugaliya terma jamoasi Kolumbiya bilan to‘qnashadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 28 iyun kuni soat 03:30 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 iyun kuni O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliyaga qarshi to‘p surdi va 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Uchrashuv hisobini 6-daqiqada Krishtianu Ronaldu ochdi. 39-daqiqada esa Ronaldu o‘zining ikkinchi golini urib, dubl muallifiga aylandi.
Live
Barchasi