Ronaldu Tramp bilan uchrashadi

Sport

image

Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati boshlanishidan bir necha oy oldin Oq uyga tashrif buyuradi. Futbolchi AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishi kutilmoqda. Bu haqda “Mundo deportivo” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Prezident Tramp Portugaliya terma jamoasining mundialga muvaffaqiyatli yo‘l olganini e’tirof etish maqsadida Ronalduni qabul qiladi. Portugaliya terma jamoasi hujumchisi kelasi yilgi mundialning eng ko‘zga ko‘ringan ishtirokchilaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, Portugaliya va AQSH terma jamoalari o‘rtasida turnir oldidan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqamoqda. Bu amerikalik muxlislarga chempionat boshlanishidan avval Ronalduni maydonda ko‘rish imkonini yaratadi.

Donald Tramp bundan avval ham FIFA prezidenti Janni Infantinoni bir necha bor Oq uyda qabul qilgan. Endi Ronaldu ham Prezident bilan uchrashgan yuqori darajadagi futbol arboblari qatoriga qo‘shiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ronaldu Tramp bilan uchrashishga o‘zi ham qiziqish bildirgan va tashrif rasmiy ravishda tasdiqlangan.

Xabarlarga ko‘ra, Ronalduning Oq uyga tashrifi kuni AQSH Prezidenti Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan ham uchrashadi. Ushbu ikki uchrashuv o‘zaro bog‘liqmi yoki yo‘q?  Hozircha noma’lum. Hozir “Al-Nasr” safida to‘p surayotgan Ronaldu Saudiyaga aloqador shaxslar bilan bog‘liq diplomatik kontekstda ham e’tibor markazida qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Portugaliya terma jamoasi futbolchisi Krishtianu Ronaldu jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida AQSH Prezidenti Donald Trampdan mashhurroq ekanini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Krishtianu Ronaldu Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing