Ronaldu bilan va unga qarshi o‘ynagan o‘zbek futbolchilari
Tahlil
−
11 mart
13961Har bir futbolchi uchun dunyoning eng kuchli va taniqli o‘yinchilari bilan birga o‘ynash yoki ularga qarshi to‘p tepish eng yoqimli damlardan biridir. Ayniqsa, bu holat zamonaviy futboldagi ikki qirol Ronaldu va Messi ishtirokida bo‘lsa, yanada yoqimliroq.
O‘zbek futbolchilari orasida ham Krishtianu Ronaldu bilan bir safda va unga qarshi o‘ynagan o‘yinchilar bor. Bugun Ronaldu bilan birga va unga qarshi o‘ynagan o‘zbekistonlik futbolchilarga alohida to‘xtalamiz.
Jaloliddin Masharipov Ronaldu bilan va unga qarshi o‘ynagan
O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi 2023 yilgi mavsumda Saudiyaning “Al-Nasr” klubi safida to‘p tepgan vaqtida klub tarkibiga Krishtianu Ronaldu kelib qo‘shildi. Masharipov Ronaldu kelgunicha jamoada 7-raqam ostida harakat qilardi. Ammo u portugaliyalik mega yulduzga raqamini berdi va o‘zi 77-raqamni tanladi. Bu tandem klub safida bir nechta o‘yinlarni o‘tkazdi. Shu tariqa, Jaloliddin Masharipov Ronaldu bilan birga o‘ynagan birinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi. Ronaldu kelishidan bir necha kun oldin Masharipov o‘z Instagram sahifasida jonli efir qilgandi va o‘shanda Ronaldu kelishi haqidagi ma’lumotlarni bergandi. Shuningdek, Masharipov Krishtianu kelganidan keyin hech kimning Instagram cahifasiga obuna bo‘lmasligini aytgandi. Bu esa o‘zbek segmentida muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Keyinchalik, Masharipov Saudiyani tark etib, Gretsiyaning “Panserraikos” jamoasi safiga kelib qo‘shildi.
Futbolchi 2024 yilning 4 fevralida Eronning “Istiqlol”iga ko‘chib o‘tadi. Ayni damga kelib u mazkur jamoada faoliyatini davom ettirmoqda. Fors klubi tarkibida Masharipov yana eski qadrdoni bilan ko‘rishadi. Faqat bu safar raqib sifatida. Aniqrog‘i, Osiyo Chempionlar ligasi Elit 2024/25 yilgi mavsumda “Istiqlol” o‘z uyida “Al-Nasr”ni qabul qiladi. Ushbu uchrashuvni o‘zbekistonlik futbolchi Jaloliddin Masharipov va “Al-Nasr” hujumchisi Krishtianu Ronaldu asosiy tarkibda boshlaydi. O‘yin 1:0 hisobida saudiyaliklar foydasiga hal bo‘ladi.
Ronalduga qarshi Shomurodov
O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov 2020 yilgi mavsumda Italiyaning “Jenoa” klubi safida o‘ynab yurgan vaqtida Krishtianu Ronaldu “Yuventus” tarkibida to‘p tepardi. 2020 yilning 13 dekabrida A Seriya doirasida “Jenoa” o‘z maydonida Turinning “Yuventus”ini qabul qiladi. O‘yinda mezbonlar safida o‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov 73-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan va turinliklar safidagi Ronalduga qarshi o‘ynaydi. Epizodardan birida Shomurodov Ronaldudan to‘pni olib qo‘yadi va ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Ushbu bahsda 3:1 hisobi bilan “Yuventus” g‘alaba qozongan.
Ronalduga qarshi Shatskix
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Maksim Shatskix 2007 yilgi mavsumda Chempionlar ligasi doirasida, “Dinamo Kiyev” safida Angliyaning “Manchester Yunayted” klubiga qarshi o‘yinda Krishtianu Ronalduga qarshi maydonga tushgan. O‘shanda Shatskix asosiy tarkibda maydonga tushgan va ikkinchi taym boshida, ya’ni 46-daqiqada almashtirilgan. Ushbu uchrashuvda 4:2 hisobida “mankunianliklar” g‘alaba qozongan. Ronaldu esa dubl muallifi bo‘lgan.
Ronalduga qarshi G‘aniyev
Osiyo chempionlar ligasi 2023/24 yilgi mavsum pley-off bosqichida “Al-Nasr” o‘z uyida “Shabab Al-Ahli” klubini qabul qilib, 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinda mezbonlar safida Krishtianu Ronaldu va mehmonlar safida o‘zbekistonlik futbolchi Azizbek G‘aniyev asosiy tarkibda maydonga tushadi. Azizbek o‘sha o‘yinda to‘liq 90 daqiqa maydonda harakat qiladi. G‘aniyev ham Ronalduga qarshi maydonga tushgan o‘zbek futbolchilari qatoriga kiradi. 2024 yilning yozida o‘zbekistonlik futbolchi “Al-Bateh” safiga kelib qo‘shiladi.
Ronalduga qarshi Rashidov
2017 yilgi klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati doirasida Birlashgan Arab Amirligining “Al-Jazira” jamoasi Madridning “Real”iga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bahsda “qirollik klubi” 2:1 hisobida g‘alaba qozongan. Uchrashuvda madridliklar safida Ronaldu asosiy tarkibda maydonga tushadi va gollardan biriga mualliflik qiladi. O‘sha vaqtlar BAA klubida faoliyat olib borgan o‘zbekistonlik futbolchi Sardor Rashidov ushbu bahsda zaxira o‘rindig‘ida qoldiriladi. U klub safiga Qatarning “Al-Jaish” jamoasidan keladi. U bilan birga braziliyalik futbolchi Romarino ham “Al-Jazira”ga kelib qo‘shiladi va “Real”ga qarshi o‘yinda gol urishga muvaffaq bo‘ladi.
Ronalduga qarshi Shukurov
Saudiya chempionati joriy 2024/25 yilgi mavsumning 19-turida “Al-Nasr” o‘z uyida “Al-Fayha”ni qabul qildi va yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. E’tiborlisi, ushbu bahsda mehmonlar tarkibida o‘zbekistonlik futbolchi Otabek Shukurov 80-daqiqagacha maydonda harakat qiladi. Mezbonlar safida esa Krishtianu Ronaldu ham asosiy tarkibda maydonga tushdi va 74-daqiqada o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Shu tariqa Shukurov ham Ronalduga qarshi o‘ynagan o‘zbek futbolchilari qatoriga kirdi.
LiveBarchasi