Ronaldu APL yangi mavsumi boshlanmasdan MYUdan “quyon bo‘lmoqchi”

Sport

image

Portugaliya terma jamoasi va “Manchester Yunayted” futbolchisi Krishtianu Ronaldu “qizil iblislar” safini Angliya Premer ligasidagi ilk o‘yinini o‘tkazmasdan oldin tark etmoqchi. Bu haqda AS nashri xabar qildi.

Qayd etilishicha, Ronaldu mavsumni bir klubda boshlab, boshqa jamoada davom ettirishni istamaydi. Shuning uchun Krishtianu “Yunayted”ni Premer liganing yangi mavsumi boshlanishidan oldin tark etish niyatida.

Ronalduning agenti Jorje Mendesh bir necha hafta davomida Yevropaning bir qancha yirik klublari, jumladan, “Barselona”, “Atletiko”, “Chelsi”, “Bavariya”, “Napoli” rahbarlari bilan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazgan. Biroq hech bir jamoa 37 yoshli futbolchini sotib olish uchun real taklif bilan chiqmagan.

Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lib turgan Ronaldu o‘zi haqida tarqalayotgan mish-mishlarni keskin inkor etmoqda. Biroq joriy yilning 31 iyul kuni Manchester klubi “Rayo Valekano” bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi va 37 yoshli futbolchi zaxiraga olingach, bahs yakunlanishini kutmasdan stadiondan chiqib ketdi. Albatta, bu holat matbuot nazaridan chetda qolmadi va Ronaldu haqidagi gap-so‘zlar yanada ko‘paydi.

“Manchester Yunayted” uchun Angliya Premer ligasining joriy mavsumi 7 avgust kuni start oladi. O‘sha kuni “qizil ibilislar” “Brayton”ga qarshi bahs olib boradi. Agar, Ronaldu “Brayton”ga qarshi uchrashuvda maydonga tushsa, katta ehtimol bilan mavsumni “Yunayted”da davom ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, Ronaldu 2021 yildan buyon “Manchester Yunayted” sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning klub bilan shartnomasi 2023 yilgacha mo‘ljallangan. O‘tgan mavsumda Ronaldu “qizil iblislar” safida barcha musobaqalarda 38 ta o‘yin o‘tkazib, 24 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma amalga oshirgan. “Transfermarkt” portali portugaliyalik iqtidor egasini 35 million yevroga baholamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Krishtianu Ronaldu “Barselona” “Manchester Yunayted” “Chelsi” “Bavariya” “Atletiko” “Napoli”

Baholaganlar

50

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing