Romitan hokimi o‘rinbosari firibgarlikda ayblanmoqda
3-sahifa
−
07 yanvar
6681Buxoro viloyatidagi Romitan tumani hokimining innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Aziz Boboyev firibgarlikda ayblanmoqda. Bu haqda sud majlislari jadvalida keltirilgan.
Unga ko‘ra, bugun, 7 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudida Boboyev Aziz Hojiqurbonovich va uning akasi Boboyev Laziz Hojiqurbonovichga doir ish ko‘rilishi zarur.
Ish doirasida ularga Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b, v” bandlari, 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), 2-qismi “a, b” bandlari va 3-qismi bilan ayblov e’lon qilingan. 3 nafar fuqaro jabrlanuvchi sifatida qayd etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Aziz Boboyev 2024 yilning mart oyida Romitan tumani hokimining innovatsion rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Bungacha u Romitan tumani hokimining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha “Hazortut” mahalla fuqarolar yig‘inidagi yordamchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili noyabr oyida Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimining o‘rinbosari xizmat mavqeidan foydalangan holda, klaster shaklidagi savdo majmuasi tashkil etish uchun 40 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan shahar hokimligi zaxirasidagi 20 gektar yer maydonini auksion savdoga chiqartirib, yutib berish va 49 yil muddatga yerga egalik qilish huquqini rasmiylashtirishda ko‘maklashish evaziga 2 mln AQSH dollari talab qilib, oldindan 1 mln AQSH dollarini o‘zining haydovchisi orqali olgan vaqtida ushlangandi.
LiveBarchasi