“Roddom”da fuqaro tibbiyot xodimining sochidan tortib, sudrashiga nima sabab bo‘lgani aytildi

3-sahifa

image

Bugun, 27 avgust kuni Farg‘ona viloyatida erkak kishi tug‘uruqxonada hamshiraning sochidan tortib sudrab chiqayotganligi aks etgan videoyozuv tarqalgani haqida xabar bergandik.

Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, tibbiyot xodimiga qo‘l ko‘targan erkak sobiq ichki ishlar xodimi bo‘lib chiqqan. Tibbiyot birlashmasida yuz bergan ushbu hodisaga o‘pkasi 70 foizga rivojlanmagan chaqaloqning tug‘uruqdan so‘ng, o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligidan vafot etishi sabab bo‘lgan.

“So‘nggi vaqtlarda yurtimizda bemorlar va ularning qarindoshlari tomonidan o‘z kasbiy faoliyatini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan kuch ishlatish va tajovuz qilish holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Afsuski, ko‘p hollarda tibbiyot xodimlariga qilinayotgan bunday  tajovuzlar natijasida ularning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetib, keyingi faoliyatiga salbiy ta’sir qilmoqda”, deyiladi SSV xabarida. 

Aniqlanishicha, holat joriy yilning 25 avgust kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida sodir bo‘lgan. 

1998 yilda tug‘ilgan fuqaro M.S. tuman tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limiga “homiladorlik 2, tug‘uruq 2, homiladorlikning 39 haftasi. Tug‘uruqning birinchi davri” tashxisi bilan qabul qilinib, 26 avgust kuni soat 16:00 larda tirik, jinsi o‘g‘il, 3200 gramm vaznli, ammo og‘ir ahvoldagi chaqaloqni dunyoga keltirgan.

Qayd etilishicha, tug‘uruqni akusher-ginekolog Yu.A. va shifokor-neonatolog H.N qabul qilgan. Dastlabki tibbiy tekshiruvlar natijasida bolada ona qornidalik davrida embrional rivojlanish va homila organlarining paydo bo‘lishi buzilgan va nuqsonli rivojlangani aniqlangan. Shu sababli go‘dak to‘liq rivojlanmagan organlar bilan tug‘ilgan. Qolaversa, chaqaloqda tug‘ma nuqsonlar kuzatilib, bolaning o‘pkasi 70 foizga rivojlanmagan.

Shu bois, chaqaloq zudlik bilan intensiv terapiya xonasiga o‘tkazilib, unga zarur reanimatsion yordam ko‘rsatilgan. Biroq bolaning o‘pkasi o‘z faoliyatini bajarmaganligi sababli unda og‘ir asfiksiya holati kuzatilgan. 

“Afsuski, tibbiyot xodimlari tomonidan olib borilgan kerakli reanimatsion chora-tadbirlarga qaramasdan, go‘dak 2021 yilning 27 avgust kuni soat chamasi 12:20 da “O‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi” tashxisidan vafot etgan. Shundan so‘ng chaqaloq murdasi va tibbiy xujjatlar patalogoanatomik tekshiruvga yuborilgan”, deyiladi vazirlik xabarida.

Shifokor-neonatolog H.N chaqaloq vafot etganligi sababli shu kuni soat chamasi 12:30 da go‘dakning buvasi, fuqaro S.S.ni chaqirib, unga vaziyatni tushuntirishga harakat qilgan. Biroq S.S. muassasa  tug‘uruq bo‘limining vrachlar xonasida tug‘uruq tarixlarini yozib o‘tirgan va tug‘uruqni olib borgan akusher-ginekolog Yu.A.ning oldiga borib, uni sababsiz sochidan tortib, tashqariga sudrab olib chiqib, jiddiy tan jarohati yetkazgan.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, ushbu zo‘ravonlik harakatini sodir etgan shaxs, ya’ni 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro S.S. o‘z vaqtida ichki ishlar organlari tizimida ishlab, nafaqaga chiqqan. 

“Tibbiy tekshiruv davomida jabrlangan shifokor Yu.A.ga miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan. Ayni paytda shifokor tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam markazi jarrohlik bo‘limida davo muolajalarini olmoqda, deyiladi xabarda. 

Ma’lum qilinishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratga olgan mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston tuman IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2164

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing