Rohinga musulmonlarining genotsidida ayblangan ayol yuz yilga qamalishi mumkin
Olam
−
11 yanvar 2022
14894Myanmada harbiy sud o‘tgan yili fevralda hukumatdan ag‘darilgan Aun San Su Chjiga kamida qo‘shimcha uchta ayblov qo‘yib, uning qamoq jazosiga yana to‘rt yil qo‘shdi.
76 yoshli tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti g‘olibi Aun San Su Chji o‘tgan yili harbiylar uyushtirgan davlat to‘ntarishi sababli hukumatdan ag‘darilib, qamoqqa olingandi. Unga nisbatan hozirga qadar 10 ga yaqin ayblovlar qo‘yib kelinayotgandi.
Mamlakatda to‘ntarishni amalga oshirgan general Min Aun Xlayn boshchiligidagi harbiylar Aun San Su Chjining uyida tintuv o‘tkazishgan va bir nechta ayblovga asos bo‘luvchi dalillarni topishgan.
Huquq tashkilotlariga ko‘ra, Aun San Su Chjiga litsenziyasiz harbiy ratsiya moslamalarini import qilgani va o‘zida saqlagani uchun ikki yil hamda koronavirus bilan bog‘liq karantin qoidalarini buzgani uchun yana ikki yildan qamoq jazosi tayinlangan.
Hozirda ishi yopiq sudda ko‘rib chiqilayotgan Aun San Su Chji barcha ayblovlarni rad etmoqda. Agarda unga qo‘yilayotgan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topsa, u umumiy hisobda 100 yilga qamalishi mumkin.
Undan oldin, o‘tgan yili dekabr oyida u, COVID-19 cheklovlarini buzganlikda aybdor deb topilib, 4 yilga qamalgan edi.
“MRTV” axborot agentligiga ko‘ra, hozirda qayerda saqalanayotgani noma’lum bo‘lgan Aun San Su Chjiga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar ustidan appellatsiya o‘tkaziladi.
O‘tgan yili oktyabr oyida uning advokatlariga sud ishi haqida ma’lumot berish ta’qiqlab qo‘yilgan edi. Televideniyega esa sud jarayonini yoritmaslik buyurilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yilda Aun San Su Chji Myanmada yashovchi 1,4 milliondan ortiq Rohinga musulmonlarini mamlakatdan chiqarib yuborishga urinish va hatto ularning genotsidida ham ayblangan edi.
Unga nisbatan bunday ayblovlar bir nechta nufuzli xalaqro huquq tashkilotlari tomonidan olib borilgan surushtiruvlar natijasida qo‘yilgan.
Ommaviy qotilliklar ortidan, Aun San Su Chji o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni BMT minbarida nutq so‘zlab, oqlashga uringan.
Ma’lumot uchun, “Siyosiy mahbuslarga yordam uyushmasi”ga ko‘ra, o‘tgan yil fevral oyida boshlangan davlat to‘ntarishi davrida, mamlakat bo‘ylab 10 600 kishi hibsga olinib, namoyishga chiqqanlar orasida 1 303 kishi o‘ldirilgan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi