Rim Papasi Tramp va Harrisning saylovoldi dasturini qoraladi
Olam
−
14 Sentabr
4556Rim Papasi Fransisk amerikaliklarni prezidentlik saylovida “kamroq yovuzlik” uchun ovoz berishga chaqirdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Pontifik AQSHda joriy yilning 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan prezidentlik saylovida Respublikachilar partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Donald Trampning ham, demokrat, mamlakatning amaldagi vitse-prezidenti Kamola Harrisning ham saylovoldi dasturini qoraladi.
“Ularning ikkovi ham hayotga qarshi: muhojirlarni haydab chiqaradigani ham, go‘daklarni o‘ldiradigani ham. Ulardan qaysi biri kamroq yovuz ekanligini har bir amerikalikning o‘zi tanlashi kerak”,deya ta’kidlagan Rim Papasi.
Ma’lumot uchun, AQSHning Filadelfiya shtatida respublikachi Donald Tramp va demokrat Kamola Harris o‘rtasida mamlakat prezidentligi uchun saylovdan oldin birinchi teledebat bo‘lib o‘tdi. Debat davomida Tramp 2020 yilgi saylovda mag‘lub bo‘lganini tan olishdan bosh tortdi va tarafdorlarining Kapitoliyga bostirib kirganidan afsusda emasligini aytdi.
Respublikachi Tramp demokratlar – Harris va Baydenni amerikaliklarni xonavayron qilgan yuqori darajali inflyatsiyada aybladi. Tramp o‘z boshqaruvida inflyatsiya bo‘lmaganini iddao qildi. U noqonuniy muhojirlar sonining ko‘payishi va jinoyatchilikning o‘sishiga ham demokratlarni sababchi qilib ko‘rsatdi. Harrisga ko‘ra, Trampning amerikaliklar kelajagi uchun hech qanday tayinli rejasi yo‘q, uning iqtisodiy rejasi mamlakatdagi vaziyatni yomonlashtiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rim Papasi Fransisk dunyo davlatlariga murojaat bilan chiqqandi. U dunyoni umumiy qurolsizlanishga chaqirib, buni xalqaro hamjamiyatning ma’naviy burchi deb atagandi.