Rejasini bajarmagan birorta vazir yoki hokim xotirjam ishlashga haqli emas – Prezident

Jamiyat

image

Hozirgi sharoitda oylik, choraklik va yillik rejasini bajarmagan birorta vazir, hokim yoki tarmoq rahbari xotirjam ishlashga haqli emas. Bu haqda bugun, 21 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.

Yig‘ilishda davlat rahbari so‘zga chiqadigan rahbarlar faqat hisobot bilan cheklanmasdan, qanday yangi zaxiralar topgani, ularni ishga solish bo‘yicha qanday tizim tashkil etayotgani va yil yakunigacha qanday natijaga erishishini aniq tushuntirishi zarurligini qayd etgan. Shuningdek, global vaziyat o‘zgarib borayotgan hozirgi sharoitda har bir rahbar qo‘shimcha ssenariylar bilan ishlashi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Yil boshidan mamlakat iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sgan. Sanoatda 8 foiz, xizmatlarda 16,9 foiz, qurilishda 13,8 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish ta’minlangan.

Investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport 14,4 milliard dollarga yetgan. Nufuzli “ Fitch” va “ Moody’s” xalqaro reyting agentliklari mamlakat suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi.

Shu bilan birga, davlat rahbari 40 millionli aholi hayotini yaxshilash uchun 9-10 foizli iqtisodiy o‘sish zarurligini ta’kidlagan.

Shuningdek, yig‘ilishda hudud va tarmoq rahbarlarining olti oylik rejalari ijrosi tanqidiy tahlil qilingan.  Ayrim hududlarda yalpi hududiy mahsulot, qurilish va investitsiya ko‘rsatkichlari bo‘yicha imkoniyatlar to‘liq ishga solinmagani ko‘rsatib o‘tilgan.

Davlat rahbari hozirgi global tebranishlar sharoitida viloyat, tuman va shaharlarga tadbirkorlik hamda ijtimoiy infratuzilma loyihalari uchun mablag‘lar ko‘paytirib berilayotganini qayd etgan.

Shu bilan birga, har bir vazir va hokimning ishi odamlarning yashash madaniyatida sezilmasa, tadbirkorlarning og‘irini yengil qilmasa, bunday natija faqat “qog‘ozdagi raqam” bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Oylik, choraklik va yillik rejasini bajarmagan birorta vazir, hokim yoki tarmoq rahbari bunday sharoitda xotirjam ishlashga haqli emasligi qat’iy ko‘rsatib o‘tilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing