Reklama qonunchiligini buzgan telekanallarga chora ko‘rildi

Jamiyat

image

Reklama qonunchiligi talablarini buzgan bir necha telekanallarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Raqobat qo‘mitasi avvalroq telekanallarni reklamaga oid o‘z faoliyatini amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib muvofiqlashtirish va qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ogohlantirgan. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda bir qator telekanallar tomonidan taqdim etilayotgan reklamalar hajmi ko‘pligi, reklama roliklari efiri uzoq vaqt davom etishi yuzasidan qoldirilgan murojaatlar keskin muhokamalarga va keng jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

“Bu borada Qo‘mita Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda telekanallarda joylashtirilgan reklamalar hajmining reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini o‘rganish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda”, deyiladi xabarda.

Olib borilgan tahlillar davomida 3 ta telekanalda, jumladan “FTV”, “Muloqot”  va “Amudaryo” telekanallari tomonidan joriy yilning aprel-iyul oylarida joylashtirilgan reklamalar hajmi qonunchilik bilan belgilangan me’yorlardan ortiqligi holatlari aniqlangan.

Yuqoridagilarga asosan Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari yuzasidan bir necha telekanallariga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumot uchun,  “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuning 27-moddasiga muvofiq, telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning (shu jumladan teledo‘kon reklamasi kabi reklamaning) umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining o‘n besh foizidan oshishi mumkin emasligi belgilangan. Bildirilishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan boshqa telekanallar faoliyati bo‘yicha ham o‘rganishlar olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Reklama qonunchiligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing