“Real”ning 19 yoshli o‘yinchisi futbol bilan xayrlashdi
Sport
−
13 noyabr
5485Ispaniyalik yarim himoyachi Mark Kukalon 19 yoshida jiddiy jarohatlar sabab futboldagi faoliyatini yakunladi. Bu haqda futbolchining o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
2022 yil sentyabrida “Real Madrid” tarbiyalanuvchisi Kukalon UEFA Yoshlar ligasi o‘yinida xochsimon payidan jiddiy jarohat oldi. Operatsiya vaqtida sportchining bo‘g‘imiga bakteriya kirib, infeksiyani keltirib chiqardi, shu sababli futbolchi to‘liq tiklana olmadi.
“Bu jarohat bir qancha asoratlardan so‘ng meni qiyin qarorga – futbol bilan xayrlashishga majbur qildi. Ikki yil davomida men qaytib kelish va ushbu sportdan zavqlanish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni sinab ko‘rdim. Oxir oqibat, men dunyodagi eng yaxshi klubning bir qismi bo‘lish va orzumni amalga oshirish sharafiga ega bo‘lib qoldim. Men “Real”da shaxs sifatida o‘sdim. Menga singdirilgan qadriyatlar men bilan qoladi, albatta, futbol menga har bir g‘alaba va mag‘lubiyat bilan to‘siqlarni yengib o‘tishni o‘rgatdi”, deb yozdi Kukalon ijtimoiy tarmoqda.
Kukalon “Real Madrid” bilan UEFA Yoshlar ligasida to‘rtta o‘yin o‘tkazishga ulgurdi.