“Real” kuchli sakkizlik uchun yetarlicha barqaror emas –Mbappe
Sport
−
11:35 847 2 daqiqa
Madridning “Real” klubi hujumchisi Kilian Mbappe Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga tushib qolgan jamoasi kuchli sakkizlikdan joy olish uchun yetarlicha barqaror emasligini tan oldi. Bu haqda fransiyalik hujumchi “Benfika” bilan o‘yindan keyin jurnalistlarga ma’lum qildi.
Kecha, 28 yanvar kuni Yevropa Chempionlar ligasi 15 kara g‘olibi hisoblangan “Real” Joze Mourino boshchiligidagi “Benfika”ga qarshi bahsda 2:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Natijada madridliklar liga bosqichi umumiy jadvalida 9-o‘rinni egalladi va 1/8 finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma olish o‘rniga, fevral oyida “Benfika” yoki “Budyo-Glimt” jamoalaridan biriga qarshi pley-off bahsida maydonga tushadigan bo‘ldi.
“Muammo shundaki, biz o‘yinimizda izchil emasmiz. Buni tuzatishimiz kerak. “Real” kuchli sakkizlik uchun yetarlicha barqaror emas edi. Bir kuni yaxshi, boshqa kuni yomon o‘ynash chempion jamoaga yarashmaydi”, deydi Mbappe uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga.
Shuningdek, u pley-off bahslarida ishtirok etishga majbur bo‘lish jamoa uchun og‘ir ekanini ta’kidladi:
“Bugun biz aynan shunday vaziyatga tushishga loyiq edik. “Benfika” yaxshiroq edi. Endi yana ikki pley-off o‘yinini o‘tkazishimiz kerak. Bu og‘riqli, chunki biz fevral oyida o‘z ustimizda xotirjam ishlashni xohlagandik”, deya qo‘shimcha qildi Mbappe.
Fransiyalik hujumchi Lissabondagi o‘yinda nega jamoa kutilganidek harakat qila olmaganini aniq sabab bilan izohlash qiyinligini ham bildirdi.
Ma’lumot uchun, UEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichi yakunlangandan so‘ng “Arsenal”, “Bavariya”, “Liverpul”, “Tottenxem”, “Barselona”, “Chelsi”, “Sporting”, “Manchester Siti” 8 ta jamoa nimchorak finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l oldi.