“Real” Xaver Tebasning iste’fosini talab qildi

Sport

−

image

“Real Madrid” klubi La Liga prezidenti Xaver Tebasning o‘z lavozimidan zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qiluvchi bayonot e’lon qildi. Klub shuningdek, uni Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) vitse-prezidenti lavozimidan ham ketishga chaqirdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar berldi.

Bunga Tebasning “Real Madrid” boshqaruv usullarini natsistlar Germaniyasining targ‘ibot vaziri Yozef Gebbels qo‘llagan usullar bilan taqqoslagan fikrlari sabab bo‘ldi. Klubning ta’kidlashicha, bu jarayonda “Real Madrid TV” telekanali ham tilga olingan.

“Real Madrid” Ispaniya futbolidagi eng yuqori boshqaruv lavozimlaridan ikkitasini egallab turgan shaxsning klubimiz, uning rahbariyati va telekanali obro‘siga putur yetkazish uchun bunday taqqoslashga murojaat qilishini mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan va o‘ta jiddiy holat deb hisoblaydi. Uning natsistlar mafkurasi haqida gapirmayotganini izohlashi ham bayonotlarining haqoratli, axloqiy jihatdan jirkanch va nomaqbul xususiyatini yumshatmaydi”, deyiladi klub bayonotida.

Madridliklar Tebasning bu fikrlarini klubga qarshi qaratilgan bir qator hujumlarning navbatdagisi deb baholadi. Klub fikricha, La Liga rahbari Negreyra ishini hal qilish va Ispaniya futbolida islohotlar o‘tkazish o‘rniga o‘z lavozimidan “Real Madrid”ning obro‘sini tushirish uchun foydalanmoqda.

“Xaver Tebasning xatti-harakatlari uning vazifalariga mos kelmaydigan betaraflik, hurmat va xolislik yetishmasligini ko‘rsatmoqda. Uning “Real Madrid”ga va shaffoflikni talab qilayotganlarga qarshi muntazam hujumlari Ispaniya futboli uchun haqiqiy tahdiddir”, deya ma’lum qilgan klub.

Ma’lumot uchun, 64 yoshli Xaver Tebas 2013 yil aprelidan buyon La Liga prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. U 2023 yil dekabr oyida to‘rtinchi muddatga qayta saylangan bo‘lib, vakolati 2027 yilgacha davom etadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing