“Real”ga qarshi o‘yinda Husanovning maydonga tushish ehtimoli qanday?
Sport
−
11 fevral 14274 3 daqiqa
Toshkent vaqti bilan 12 fevralga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar ligasi pley-off bosqichi ilk o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. “Brest” - PSJ, “Sporting” - “Borussiya Dortmund”, “Manchester Siti” - “Real”, “Yuventus” - PSV kabi to‘qnashuvlar bugungi dasturdan o‘rin olgan. Albatta, mazkur to‘qnashuvlar orasida siz-u biz, butun futbol olami markaziy o‘yin sifatida qabul qiladigan “Manchester Siti” - “Real” uchrashuviga to‘xtalib o‘tamiz.
O‘zaro uchrashuvlar tarixi

Chempionlar ligasi doirasida 2012 yildan beri “Manchester Siti” va “Real” 12 marta to‘qnash kelgan. Shundan “shaharliklar” 4 marotaba, “qirollik klubi” esa 3 marta g‘alaba qozongan. 5 ta o‘yin durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati esa 21 ga 18 “Manchester Siti” foydasiga. Ular o‘rtasidagi oxirgi o‘yin 2024 yilning 18 aprelida Chempionlar ligasi chorak finalida bo‘lgan va unda asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlangan. Penaltilar seriyasida esa “Real Madrid” 4:3 hisobida g‘alaba qozongan.
Taxminiy tarkiblar
Bugungi o‘yin oldidan bir qancha saytlar o‘zining taxminiy tarkiblarini e’lon qiladi. Dastlab, “Sporting News” nashri tomonidan chiqarilgan tarkibga to‘xtalsak.
“Manchester Siti”:
Darvozabon: Ederson;
Himoyachilar: Akanji, Stounz, Diash, Gvardiol;
Yarim himoyachilar: Niko, Bernardu, De Bryuyne;
Hujumchilar: Foden, Grilish, Xoland.
“Real Madrid”:
Darvozabon: Kurtua;
Himoyachilar: Valverde, Chuameni, Asensio, Mendi;
Yarim himoyachilar: Modrich, Sebalos, Bellingem;
Hujumchilar: Vinisius, Rodrigo, Mbappe.
Endi “Score 90” nashri talqiniga ko‘ra taxminiy tarkiblar.
“Manchester Siti”:

Darvozabon: Ortega;
Himoyachilar: Nunes, Akanji, Diash, Gvardiol;
Yarim himoyachilar: Kovachich, Bernardu, De Bryuyne;
Hujumchilar: Foden, Savino, Xoland.
“Real Madrid”:

Darvozabon: Kurtua;
Himoyachilar: Valverde, Chuameni, Asensio, Mendi;
Yarim himoyachilar: Kamavinga, Bellingem, Sebalos;
Hujumchilar: Vinisius, Rodrigo, Mbappe.
“Manchester Siti”ga yaqin manba hisoblangan “Planet” esa quyidagicha taxmin bildirgan.

Darvozabon: Ederson;
Himoyachilar: Husanov, Diash, Akanji, Gvardiol;
Yarim himoyachilar: Kovachich, Bernardu, De Bryuyne;
Hujumchilar: Foden, Savino, Xoland.
Dastlabki ikkita nashr ham “shaharliklar” taxminiy tarkibida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovni asosiy tarkibga qo‘shmagan. Buni bir jihat bilan bog‘lab ko‘ramiz. Albatta, Husanov bunday katta o‘yinlar uchun yoshlik va tajribasizlik qiladi, degan fikr bo‘lishi mumkin. Bellingem, Vinisius, Rodrigo, Mbappe kabi tezkor futbolchilarni to‘xtatib qolish ancha qiyin. Ammo boshqa tarafdan olib qaralsa, Husanovni mana shunday katta bahslarda maydonga tushirish, futbolchining o‘ziga ham ancha ishonch bag‘ishlaydi. Ayniqsa, Abduqodirdek keskin kurashlarga chanqoq futbolchi “shaharliklar” safida bo‘lishi kerak. Albatta, tarkib bilan bog‘liq yakuniy qarorni Gvardiola chiqaradi.
O‘yinni o‘tkazib yuboruvchi futbolchilar

Mazkur to‘qnashuv oldidan ikkala jamoa tarkibida ham jiddiy yo‘qotishlar mavjud. Dastlab, mezbonlar “Manchester Siti” safida yarim himoyachilar, Rodri va Oskar Bobb “Etihad”dagi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. “Qirollik klubi” tarkibida esa himoyachilar, Militao, Karvaxal, Ryudiger, Alaba, Vaskes jarohat sabab maydonga tusha olmaydi,
Ma’lumot o‘rnida, pley-offning birinchi o‘yini Toshkent vaqti bilan 12 fevralga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi. Javob o‘yini esa 20 fevralga o‘tar kechasi o‘tkaziladi.