“Real” derbida g‘alaba qozonib, finalga yo‘l oldi
Sport
−
09 yanvar 1570 1 daqiqa
Kecha, 8 yanvar kuni Ispaniya Superkubogi yarim finalining ikkinchi uchrashuvi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tdi. Unda “Real Madrid” o‘z hamshaharlari “Atletiko Madrid” klubini 2:1 hisobida mag‘lub etib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Madrid derbisining 2-daqiqasidayoq Federiko Valverde jarima zarbasidan so‘ng hisobni ochdi. Shundan keyin Diyego Simeone shogirdlari hisobni tenglashtirish uchun bir necha bor xavfli vaziyatlar yaratdi, biroq birinchi bo‘limda boshqa gol qayd etilmadi.
Ikkinchi bo‘limning 55-daqiqada Valverdening uzatmasidan so‘ng, Rodrigo “Real Madrid”ning ikkinchi golini urdi. Oradan uch daqiqa o‘tib, Aleksander Syorlot hisobdagi farqni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, uchrashuv yakuniga qadar hisob o‘zgarmadi.
Shu tariqa, “Real Madrid” yarim finalda o‘z hamshaharlari ustidan g‘alabaga erishib, Ispaniya Superkubogi finaliga yo‘l oldi. Final bahsida Xabi Alonso shogirdlari Kataloniyaning “Barselona” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Hal qiluvchi uchrashuv joriy yilning 11 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.