“Real”da Alonso o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan asosiy nomzod ma’lum bo‘ldi
Sport
−
26 dekabr 4444 1 daqiqa
“Real Madrid” yoshlar jamoasi (“Kastilya”) bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa klubda Xabi Alonso o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Bu haqda ESPN xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Madrid klubi murabbiylar shtabidagi vaziyat fonida qishki transfer bozorida faol bo‘lish masalasini ham ko‘rib chiqqan. Biroq “qirollik klubi” rahbariyati yanvar oyida keskin o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimolini past deb hisoblamoqda.
Qayd etilishicha, Ispaniya Superkubogi “Real Madrid” uchun mavsumdagi muhim burilish nuqtasiga aylanishi mumkin. Xabi Alonsoning kelajagi hozircha noaniq bo‘lib qolmoqda, ayni paytda Alvaro Arbeloa uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan asosiy nomzod sifatida qaralmoqda.
Hozirda “Real Madrid” Ispaniya La Ligasi turnir jadvalida 42 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda va peshqadam “Barselona”dan to‘rt ochko ortda qolmoqda.
Ma’lumot uchun, “Real Madrid” Ispaniya Superkubogi yarim finalida “Atletiko Madrid”ga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 2026 yilning 8 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.